Yarim yil mobaynida Ukraina mudofaa vazirligini boshqarib kelgan Mixail Fedorov yangi hukumatdan o‘rin olmaydi. Fedorovning iste’fosi Ukraina hukumatidagi kadrlar o‘zgarishi fonida ro‘y bermoqda. Oliy rada 14 iyul kuni bosh vazir Yuliya Sviridenkoning iste’fosini qabul qildi, qolgan vazirlar avtomatik tarzda o‘z lavozimlarini yo‘qotishdi. «Ukrainskaya pravda» nashri yozishicha, vazirlarning bir qismi o‘z lavozimiga qaytadan tayinlanadi, hukumat iste’fosi esa «isyonkor» Fedorov ishini hal qilish uchun bahona bo‘ldi.

Fedorovning taqdiri haqida rasman xabar qilinmadi. Uning o‘zi esa amalda hukumatga qaytmasligini tasdiqladi va ijtimoiy tarmoqlar orqali mudofaa vazirligi rahbari lavozimida «ukrain xalqiga xizmat qilish» o‘zi uchun katta sharaf bo‘lgani haqida yozdi.

Mudofaa vaziri bo‘lishdan oldin Fedorov raqamli transformatsiya vazirligini boshqargan. U bu lavozimda ukrainlar hujjatlar, nafaqalar, kreditlar, soliqlar va boshqa masalalarga oid har qanday xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘lgan «Dіya» mobil ilovasini ishga tushirib, amalda «smartfondagi davlat»ni yaratgandi. Keng ko‘lamli urush boshlangach, aynan Fedorov amerikalik milliarder tadbirkor Ilon Mask bilan aloqalari Ukraina qo‘shinlari Starlink orqali sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishini ta’minlagandi.

Ukraina nashrlariga ko‘ra, endi mudofaa vazirligi boshqaruvi Igor Klimenkoga topshirilishi kutilmoqda. U muqaddam Milliy gvardiya rahbari bo‘lgan, 2023 yildan buyon ichki ishlar vazirligini boshqarmoqda. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Klimenkoning o‘zi yangi lavozimga o‘tishga ro‘yxushlik bermagan. Agar baribir uning yangi tayinlovi amalga oshadigan bo‘lsa, u Rossiya bilan urush davrida Ukraina mudofaa vazirligidagi beshinchi rahbar bo‘ladi.

Ukraina mudofaa vaziri o‘zgarishining asosiy sababi Fedorov va mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy o‘rtasida ixtilof chiqqani bo‘lmoqda. «RBK-Ukraina» suhbatdoshlariga ko‘ra, «Slugi naroda» deputatlari bilan suhbat chog‘ida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Fedorovning ishdan ketishining ikki sababini keltirgan: urush olib borasida Sirskiy bilan turlicha qarashlarga ega bo‘lgani va davlat xaridlarini bosh shtab bilan muvofiqlashtirmaslik.

Anonim tarzda «Ukrainskaya pravda» bilan suhbatlashgan deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, «Slugi naroda» partiyasi vakillari bilan uchrashuvda Zelenskiy uchun Fedorovning iste’fosi haqida gapirish «noqulaylik» tug‘dirgan. Yaqinda ham ushbu vazirni mamlakat rahbarining yaqin kishilaridan biri sifatida ko‘rishardi.

Nashrning tasdiqlashicha, Sirskiy va Fedorov o‘rtasidagi ziddiyatga mudofaa vazirligidagi islohotlar sabab bo‘lgan. U shu yil yanvarida yangi mudofaa vaziri etib tayinlangach, vazirlikda keng ko‘lamli kadrlar almashinuvini boshladi, vazirlikni xaridlarda ochiq tenderlarga o‘tkazdi va mudofaa shartnomalari uchun qattiq tekshiruv joriy etdi, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining barcha so‘rovlarini avtomatik qanoatlantirishdan bosh tortdi.