AQŞ Davlat departamenti Kubaga 100 million dollarlik humanitar yordam paketi doirasida birinçi samolyot jönatilganini ma’lum qildi. Reuters agentligiga köra, bu yangi yordam dasturining amaliy bosqiçi boşlanganini anglatadi.

Ma’lum qilinişiça, samolyotda oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyena vositalari va boşqa zarur anjomlar olib kelingan. Yordam yuklari xalqaro Catholic Relief Services humanitar taşkiloti orqali bevosita aholiga tarqatiladi. Dastlabki bosqiçda 700 nafarga yaqin kubalik oila uşbu yordamdan bahramand bölişi kutilmoqda.

AFP agentligi eslatişiça, Vaşington avval ham katolik humanitar taşkilotlari bilan hamkorlik qilib, «Melissa» dovulidan jabr körgan Kuba hududlariga 9 million dollarlik yordam yetkazgan edi.

AQŞ davlat kotibi Marko Rubio mazkur humanitar paket haqida may oyidayoq e’lon qilgan. Uning ta’kidlaşiça, dasturning asosiy maqsadi Kuba aholisini qöllab-quvvatlaşdan iborat. Şu bilan birga, Vaşington Kuba hukumatiga nisbatan iqtisodiy bosimni kuçaytirişda davom etmoqda. AQŞ moliyaviy sanksiyalar joriy etgan, şuningdek, orolga neft yetkazib berişga çeklovlarni ham kuçaytirgan.

Kuba hukumati dastlab mazkur taklifga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirgan. Rasmiy Havana AQŞni mamlakatdagi elektr energiyasi tanqisligi va tovarlar yetişmovçiligining asosiy sababçilaridan biri sifatida ayblagan. Biroq Donald Tramp ma’muriyati vakillari bilan ötkazilgan muzokaralardan söng Kuba humanitar yordamni qabul qilişga rozilik bergan.

Şu bilan birga, AQŞ va Kuba örtasidagi siyosiy munosabatlar keskinligiça qolmoqda. 15 iyul kuni CBS News Pentagon Kubaga nisbatan ehtimoliy harbiy operatsiya ssenariylarini, jumladan, 101-desant diviziyasi harbiylarini orolga tuşiriş imkoniyatini ham körib çiqayotgani haqida xabar bergan edi. Biroq amerikalik amaldorlar hozirça bunday operatsiya böyiça yakuniy qaror qabul qilinmaganini bildirgan.

AQŞ mudofaa vaziri Pit Hegset avvalroq Kuba AQŞ xavfsizligiga tahdid soluvçi qurol-yaroğlarni qölga kiritsa, kuç işlatiş ehtimoli istisno qilinmasligini aytgan. Uning sözlariga köra, razvedka ma’lumotlari Kuba Guantanamo harbiy bazasi, AQŞ harbiy kemalari va Florida hududiga ehtimoliy zarbalar uçun 300 dan ortiq dron sotib olganini körsatgan.

Biroq CBS News manbalariga köra, AQŞ va Isroilning Eron bilan davom etayotgan harbiy mojarosi şaroitida Kubaga qarşi keng kölamli harbiy operatsiya yaqin vaqtda amalga oşirilişi ehtimoli past. Şu sababli Vaşington hozirça Kubaga asosan iqtisodiy va diplomatik bosim ötkaziş strategiyasiga tayanib turibdi.