AQSh Senatining assignatsiyalar bo‘yicha qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan eshituvlarda Pentagon rahbari Pit Hegset Eronga qarshi urush uchun ajratilgan mablag‘lar hajmi 37,5 milliard dollarga yetganini bildirdi.

AFP agentligining qayd etishicha, may oyi o‘rtalarida ushbu xarajatlar taxminan 29 milliard dollar deb baholangan edi. Demak, ikki oydan kam vaqt ichida harbiy operatsiyalar xarajati qariyb 8,5 milliard dollarga oshgan.
Pentagon yana 67 milliard dollar talab qildi
Pit Hegset AQSh Qurolli kuchlari Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn bilan birgalikda Kongressni sentyabr oyi oxirigacha Eronga qarshi operatsiyalarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 67 milliard dollar ajratishni tezroq ma’qullashga chaqirdi.
Ularning ta’kidlashicha, mazkur mablag‘lar «o‘ta zarur» hisoblanadi.
Shu bilan birga, so‘ralayotgan mablag‘ tarkibiga AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalarini tiklash xarajatlari kiritilmagan.
Kongressda tanqidlar yangradi
Pentagonning qo‘shimcha mablag‘ so‘rovi demokratlar ham, respublikachilar ham tomonidan tanqid qilindi.
Demokrat senator Jinn Shahinning aytishicha, Mudofaa vazirligi ixtiyorida avval ajratilgan 75 milliard dollar mablag‘ hali ham mavjud.
U Hegsetga: «Nima uchun avval ajratilgan va ishlatilmagan mablag‘larni qayta taqsimlash o‘rniga, amerikaliklardan qo‘shimcha urush xarajatlarini qoplash talab etilmoqda?», degan savol bilan murojaat qildi.
Pit Hegset esa mazkur mablag‘lar allaqachon prezident Donald Tramp ma’muriyatining boshqa ustuvor dasturlariga yo‘naltirilganini bildirdi.
Ular qatorida Golden Dome for America raketaga qarshi mudofaa tizimi, gipertovushli qurollarni ishlab chiqish hamda boshqa mudofaa loyihalari borligi aytildi.
Respublikachilar ham izoh talab qildi
Respublikachi senator Jon Kennedi Kongress Pentagondan «halol va ochiq javoblar» kutayotganini bildirdi.
U AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi harbiy ishtirokini tugatgan taqdirda qanday oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligi haqida so‘radi.
Xususan, Eron bo‘g‘oz orqali o‘tuvchi kemalardan to‘lov joriy qilishi mumkinmi, degan savolga Pit Hegset va general Den Keyn aniq javob berishdan tiyildi.
AQShning Eronga qarshi hujumlari davom etmoqda
21 iyul kuni AQSh Qurolli kuchlari Eronga qarshi navbatdagi ommaviy havo zarbalarini amalga oshirganini ma’lum qildi.
Shu tariqa, harbiy operatsiyalar ketma-ket o‘n birinchi tun ham davom etdi.
Prezident Donald Tramp esa Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Eronni amerikalik harbiylarning ehtimoliy halokati uchun «bir necha barobar qattiqroq» javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi.
«Eron har safar amerikalik askarni o‘ldirsa, buning uchun bir necha barobar og‘ir jazo oladi», - deb yozdi u.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu haqdagi buyruq mudofaa vaziriga yetkazilgan.
AQSh qurbonlari soni oshdi
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, Yaqin Sharqdagi navbatdagi eskalatsiya boshlanganidan buyon yana uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan.
Shu bilan fevral oyi oxirida Eronga qarshi harbiy amaliyotlar boshlanganidan beri halok bo‘lgan AQSh harbiy xizmatchilari soni 17 nafarga yetdi.











