Prezidentning PQ–292-sonli qarori bilan alohida ta’lim ehtiyoji bölgan bolalarni qöllab-quvvatlaş böyiça qöşimça çora-tadbirlar tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, korreksion sinflar taşkil etgan nodavlat ta’lim muassasalari davlat tomonidan subsidiya bilan qöllab-quvvatlanadi. Bu orqali alohida ta’lim ehtiyoji bölgan bolalar uçun sifatli ta’lim xizmatlaridan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytiriş maqsad qilingan.
Şuningdek, 2027-yil 1-maydan boşlab assistiv jihozlar ehtiyojmand bolalarga vauçer tizimi asosida taqdim etiladi.
Nogironligi bölgan abituriyentlar uçun oliy ta’lim muassasalariga kiriş imtihonlarida 50 foiz qöşimça vaqt ajratiladi. Ularga Brayl alifbosidagi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalaniş imkoniyati ham yaratiladi.
Qaror bilan har yili «Imkoniyatlar olimpiadasi» (Abilimpiks) hamda «Ösiş va rivojlaniş» (UPŞIFT) tanlovlarini ötkaziş ham belgilangan. Ularda ğolib bölgan iştirokçilarga bazaviy hisoblaş miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigaça bölgan miqdorda mukofot va grantlar ajratiladi.
Bundan taşqari, maxsus pedagoglarni tayyorlaş, qayta tayyorlaş va ularning malakasini oşiriş tizimini takomillaştiriş çoralari ham amalga oşiriladi.












