Germaniyaning Die Zeit gazetasi surishtiruviga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari Bavariyada joylashgan Donaustahl mudofaa startapi rahbari Shtefan Tumannga qarshi suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Mazkur kompaniya Ukrainaga razvedka dronlari va kamikadze turidagi uchuvchisiz uchish apparatlarini yetkazib beradi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Germaniya maxsus xizmatlari Tumannga nisbatan xavf yuqori ekani haqidagi signalni 2025-yil dekabr oyida xorijiy razvedka idoralaridan biri orqali olgan.

Keyinchalik Bavariya politsiyasi Sergey N. ismli shaxsni Tumannning Shtrasskirxendagi uyi atrofida videotasvirga olayotgan vaqtda ushlagan. Uning telefonlari musodara qilingan bo‘lsa-da, politsiya ma’lumotlarni o‘z vaqtida tahlil qila olmagani sababli gumonlanuvchi ozod qilingan.

Oradan vaqt o‘tib, Sergey N. Rossiya maxsus xizmati bilan aloqada bo‘lgani va Tumannning otasini ham kuzatgani ma’lum bo‘lgan. Bu vaqtga kelib u oilasi bilan Ispaniyaga ketgan, kuzatuvni esa Germaniyaning Shimoliy Reyn–Vestfaliya federal yerida yashagan Ruminiya fuqarosi Alla S. davom ettirgan.

2026-yil mart oyida Sergey N. va Alla S. Rossiya foydasiga josuslik qilganlik gumoni bilan qo‘lga olingan. Biroq, Die Zeit ta’kidlashicha, ularga nisbatan chiqarilgan hibs orderiga suiqasd tayyorlash ayblovi kiritilmagan. Tergovchilar ularni internet orqali pul evaziga yollangan, diversiya va josuslik ishlariga jalb qilinadigan «bir martalik agentlar» deb hisoblamoqda. Nashrga ko‘ra, ehtimoliy suiqasdni boshqa shaxslar amalga oshirishi rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Hozirda Shtefan Tumann kuchaytirilgan davlat qo‘riqlovi ostida. U xavfsizlik nuqtai nazaridan qayerda ekanini oshkor qilmaydi va ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaydi.

Die Zeit yana bir Germaniya mudofaa kompaniyasi ham Rossiya maxsus xizmatlari e’tiborida bo‘lishi mumkinligini yozadi. Nashr eslashicha, iyun oyi boshida Serbiya–Vengriya chegarasida portlovchi moddalar uchun maxfiy joylar tayyorlangan yuk mashinasi to‘xtatilgan. Haydovchilar telefonlaridan Rossiya maxsus xizmati vakillari bilan aloqalar aniqlangan. Nashrning yozishicha, yuk mashinasi yo‘nalishi Bavariya bo‘lgan. Bu hududda Donaustahl bilan bir qatorda Quantum Systems va Helsing kabi mudofaa startaplari ham faoliyat yuritadi.

Gazeta, shuningdek, 2024-yil iyul oyida CNN AQSh va Germaniya maxsus xizmatlari Rheinmetall konserni rahbari Armin Pappergerga qarshi rejalashtirilgan suiqasdning oldi olingani haqida xabar berganini eslatadi. O‘shanda manbalar Kreml Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatayotgan Yevropa mudofaa sanoati rahbarlariga qarshi bir qator suiqasdlar tayyorlaganini bildirgan edi.