Prezident Shavkat Mirziyoyevga 13-avgust kuni tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotga tayyorgarlikning borishi yuzasidan axborot berildi.
Ta’kidlanishicha, bo‘lajak oltinchi ochiq muloqotga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 15-maydan boshlab 50 dan ortiq vazirlik va idora vakillaridan iborat respublika shtabi tashkil etilgan. Shtab 24/7 rejimda uzluksiz faoliyat yuritmoqda. Koll-markaz va rasmiy botlar orqali tadbirkorlardan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 4,2 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi, 1,8 mingga yaqinini ko‘rib chiqish davom etmoqda.

Tayyorgarlik doirasida mas’ul tashkilotlar tomonidan 750 dan ziyod uchrashuv o‘tkazilib, ularda 8,8 mingdan ortiq tadbirkor ishtirok etdi va 3,5 mingdan ziyod taklif hamda masalalar bildirildi.
Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan 130 dan ortiq uchrashuvda esa 5,7 mingdan ziyod tadbirkor qatnashib, 1,5 mingga yaqin masalani o‘rtaga tashladi. Aniqlangan muammolarni tubdan hal qilish va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 5 ming 72 nafar tadbirkor o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. U orqali korxonalar samaradorligi, investitsiya va infratuzilma ta’minoti, soliq ma’murchiligi, tashqi savdo hamda sud-huquq sohasidagi masalalar o‘rganildi.

So‘rov ishtirokchilarining 93 foizini mahalliy xususiy korxonalar tashkil etdi. Unda savdo, xizmat ko‘rsatish, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari qamrab olindi.
Tahlillar korxonalarda mehnat unumdorligini oshirish va tannarxni pasaytirish bo‘yicha hali katta imkoniyatlar borligini ko‘rsatdi. Raqamli platformalar, sun’iy intellekt, energiya tejamkor texnologiyalar, yangi mahsulot va ishlab chiqarish usullarini joriy etgan korxonalarda sotuv, raqobatbardoshlik, ish haqi va investitsiya ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lmoqda.
Xususan, kamida uchta samaradorlik chorasini joriy etgan korxonalarda tannarxni pasaytirish ehtimoli 4,1 barobar, ish haqini yuqori sur’atda oshirish imkoniyati 2,1 barobar ko‘p. Biroq bunday choralarni uch va undan ortiq yo‘nalishda qo‘llayotgan korxonalar ulushi atigi 11,6 foizni tashkil etgan. 28,5 foiz korxona esa bu borada birorta ham chora ko‘rmagan.








