Internetda Xitoydagi Goldin Finance 117 osmono‘par binosining qurilish jarayoni aks etgan yangi suratlar tarqaldi. Balandligi 597 metr bo‘lgan ushbu ulkan inshoot hozirda dunyodagi eng baland bitkazilmagan osmono‘par bino sifatida qayd etilmoqda.

Goldin Finance 117 qurilishi 2008-yilda boshlangan. Dastlabki rejaga ko‘ra, u Xitoydagi eng baland osmono‘par bino bo‘lishi kerak edi. Majmua 117 qavatdan iborat qilib loyihalashtirilgan.

Bino qurilishida kuchli shamol va zilzilalarga chidamlilikni oshirish maqsadida «megakolonnalar» deb ataluvchi yirik konstruksiyalardan foydalanilgan.

Osmono‘par bino tashqi ko‘rinishi bilan ham ajralib turadi. Uning shakli hassani eslatadi, yuqori qismida esa rombsimon konstruksiya barpo etilishi rejalashtirilgan. U yerda atrium, basseyn va shaharni yuqoridan tomosha qilish imkonini beruvchi kuzatuv maydonchasi joylashishi kerak.

P&T Group arxitektura kompaniyasi loyihasiga ko‘ra, binoning yuqori qavatlarida ofislar va besh yulduzli mehmonxona tashkil etish rejalashtirilgan.

Qurilish nega qariyb 10 yilga to‘xtab qolgan?

2015-yilda Xitoy fond bozoridagi keskin pasayishdan keyin Goldin Finance 117 qurilishi to‘xtatilgan. Moliyaviy inqiroz loyihani amalga oshirayotgan Gonkongning Goldin Properties Holdings kompaniyasi kelajagini ham savol ostida qoldirgan.

Kompaniya asoschisi Pan Sutun bir vaqtlar Gonkongning eng boy tadbirkorlaridan biri hisoblangan. Keyinchalik esa Goldin Properties Holdings likvidatsiya jarayonigacha yetib borgan.

Natijada deyarli tayyor holatga kelgan ulkan osmono‘par bino yillar davomida bitkazilmay qolgan.

Manbada qayd etilishicha, Goldin Finance 117 qurilishi o‘tgan yil bahorida yana tiklangan. Endi ob’yektni joriy yil oxiriga qadar to‘liq bitkazish rejalashtirilmoqda.

Xitoydagi 500 metrlik cheklov unga ta’sir qilmaydi

Goldin Finance 117 yana bir jihati bilan alohida ahamiyatga ega. Xitoyda keyinchalik balandligi 500 metrdan oshadigan yangi binolar qurilishiga cheklovlar joriy qilingan.

Biroq Goldin Finance 117 ushbu talablar kuchga kirishidan oldin 500 metrlik chegaradan oshib bo‘lgani sababli uning qurilishini davom ettirish mumkin.