17–23-avgust kunlari qişloq xöjaligi uçun ötgan haftaga nisbatan biroz yengilroq agrometeorologik şaroit şakllanadi. Biroq kunduzgi yuqori harorat, kuçli şamol va ayrim hududlarda çang-tözonlar ekinlar va çorva uçun issiqlik hamda namlik stressi xavfini saqlab qoladi.
Hafta davomida kutilayotgan ob-havo bilan iqlimşunos Erkin Abdulahatov taniştiradi.
Hafta boşida şimoliy-ğarbiy hududlardan salqinroq havo kirib kelişi natijasida şimolda harorat pasayadi, keyinçalik bu salqinlik respublika hududlarining boşqa qismiga ham tarqaladi. Kunduzlari aksariyat hududlarda +35…+38 daraja, janubda esa iş kunlari +40…+41 darajagaça issiqlik saqlanişi mumkin. Dam oliş kunlarida haroratning +31…+36 darajaga tuşişi ekinlar va çorva uçun issiqlik yuklamasini biroz kamaytiradi.
Tungi haroratning +17…+20 darajagaça pasayişi ayniqsa paxta, sabzavot-poliz va boğdorçilik ekinlari uçun sutkalik issiqlik stressidan keyin tiklaniş şaroitini yaxşilaydi. Biroq yuqori kunduzgi harorat va buğlanişning davom etişi tufayli suğorişga bölgan ehtiyoj hali yuqori bölib qoladi. Suğorişni kunning salqin vaqtlariga töğirlaş, tuproq namligini nazorat qiliş va suvni tejamli beriş muhim.
Hafta boşida şimol, çöl va janubiy hududlarda kuçli şamol va çang-tözonlar kuzatilişi mumkin. Bu oçiq maydonlarda tuproqning tez qurişi, yoş nihollarga mexanik ta’sir va meva-sabzavot mahsulotlarining çanglanişiga olib kelişi ehtimolini oşiradi. Çorvaçilikda esa kunduzgi issiqlik hali saqlanib turgani uçun soyali joylarni, toza içimlik suvi va şamollatiş şaroitlarini ta’minlaş muhim.
Umuman, hafta qişloq xöjaligi uçun ötgan haftaga nisbatan yengilroq, ammo hali issiqlik xavfi töliq ortda qolmagan davr böladi. Asosiy agrometeorologik ustunlik – tungi salqinlikning kuçayişi; asosiy xavflar esa janubda saqlanadigan yuqori harorat, yuqori buğlaniş va şamol-çang jarayonlaridir.











