O‘zbekistonning 15-avgust kuni Rossiyaning Omsk shahridagi qurilish maydonida yuz bergan yong‘in oqibatida jabrlangan ikki fuqarosining ahvoli og‘irligicha qolmoqda.

«Dunyo» axborot agentiligi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Omskdagi 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasiga borib, vatandoshlar holidan xabar olgan.

Navbatchi shifokorning ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro I.Z. kuyish jarohatlari reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan, ahvoli og‘ir va sun’iy nafas oldirish apparatiga (IVL) ulangan. Ikkinchi fuqaro O.E. hozirda yiringli-septik bo‘limi reanimatsiyasida qolmoqda, uning ham ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Hozirda rossiyalik shifokorlar moskvalik hamkasblari bilan videokonferensiya aloqasi orqali konsilium o‘tkazmoqda va Rossiya tomoni jarohatlanganlarni sog‘lomlashtirish jarayoniga alohida e’tibor qaratmoqda, deyiladi xabarda.

17-avgust kuni bosh konsul shifoxona bosh shifokori, kuyish va yiringli-septik bo‘limlari mudirlari hamda tibbiyot xizmati rahbari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Masala bosh konsulxonaning alohida nazoratiga olingan.

Eslatib o‘tamiz, hodisa 15-avgust kuni «Kvartali Draverta» turar joy majmuasi hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in payvandlash ishlari vaqtida qurilish materiallari alanga olishidan chiqqan.

Voqea joyida bo‘lgan 11 nafar ishchi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan uch nafariga tibbiy ko‘rikdan keyin javob berilgan, 8 nafari jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, ushbu bemorlarda 20 foizdan 90 foizgacha kuyish holatlari qayd etilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasining hududiy boshqarmasi dastlab jabrlanganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani haqida xabar tarqatgandi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ulardan faqat 2 nafari O‘zbekiston fuqarosi ekanini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, «Omsk inform» nashri yong‘in oqibatida bir kishi vafot etgani haqida xabar bergan.