«Sova» tadqiqot markazi xodimi Olga Sibirevaga uning materiallaridan boshqa loyiha foydalangani ortidan «nomaqbul tashkilot» bilan hamkorlik qilish bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda markaz 17-avgust kuni ma’lum qildi.
«Sova» axborotiga ko‘ra, avgust oyi boshida politsiya xodimlari Sibirevaning uyida «xonani ko‘zdan kechirish» tadbirini o‘tkazgan va texnika hamda kitoblarni olib qo‘ygan.
Tadbir davomida tezkor xodimlar «nomaqbul tashkilot» bilan hamkorlik masalasini tilga olgan, ammo qaysi tashkilot nazarda tutilayotganini aytmagan.
17-avgust kuni Sibireva chaqiruv qog‘ozi asosida Naro-Fominsk shahar prokuraturasiga borgan. U yerda ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarordan o‘ziga qo‘yilayotgan ayblov tafsilotlarini bilgan.
U «Din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha xalqaro alyans» (International Religious Freedom or Belief Alliance) bilan hamkorlik qilishda ayblanmoqda. Mazkur tuzilma Rossiyada 2024-yilda «nomaqbul tashkilot» deb e’lon qilingan.
Hozircha ma’muriy protokolning sudda ko‘rib chiqiladigan sanasi belgilanmagan.
Ayblovga nima sabab bo‘lgan?
«Sova» markazining ta’kidlashicha, ish ochilishiga Sibirevaning Rossiyada vijdon erkinligiga bag‘ishlangan 2024 va 2025-yillik hisobotlaridan xalqaro alyans materiallarida foydalanilgani sabab bo‘lgan.
Ushbu hisobotlar «Sova» markazining saytida ochiq e’lon qilingan va ulardan erkin foydalanish mumkin.
Markaz o‘zining bu xalqaro alyans bilan hech qachon hamkorlik qilmaganini ta’kidlamoqda.
«Sova»ga ko‘ra, bu Rossiyada shaxs «nomaqbul tashkilot» uning ochiq e’lon qilingan matnlariga havola bergani uchun mazkur tashkilot bilan «hamkorlik qilish»da ayblangan ilk ma’lum holatdir.
Alyans haqida
Din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha xalqaro alyans 2020-yilda AQSh Davlat departamenti tashabbusi bilan tashkil etilgan. U turli mamlakatlar vakillarini birlashtiruvchi xalqaro tarmoq bo‘lib, unga 38 davlat vakillari qo‘shilgan.
Tashkilot diniy ozchiliklarning huquqlarini himoya qilish, diniy e’tiqod asosidagi kamsitish va ta’qiblarga qarshi kurashishni o‘z maqsadlaridan biri sifatida ko‘rsatadi.
Rossiya Bosh prokuraturasi esa mazkur alyansni AQSh va uning ittifoqchilari manfaatlariga xizmat qiluvchi tuzilma deb hisoblaydi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, tashkilot a’zolari Moskvaga nisbatan sanksiya bosimini kuchaytirish tarafdori.
Alyans o‘z hisobotlarida Rossiyada diniy tashkilotlar va dindorlarga nisbatan ta’qiblar haqida ma’lumotlar keltirib boradi.
Manbada, xususan, alyans Rossiyada ta’qiblarni, shuningdek, Rossiya armiyasi nazoratidagi Ukraina hududlarida Kreml va Moskva patriarxiyasiga sodiq bo‘lmagan ruhoniylar hamda dindorlarga nisbatan bosim holatlarini qayd etib kelishi aytilgan.









