O‘zbekistonda davlat aktivlarini sotishda xaridorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda aytishicha:
- davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi;
- olti oyda to‘liq to‘lov qilganlarga 25 foiz chegirma beriladi;
- summaning yarmini to‘lagan tadbirkor qolganini 7 yilda foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi;
- uch oyda sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha kamaytiriladi;
- auksion muddati ham ikki barobar qisqartiriladi.
Shuningdek, auksionda yer sotib olgan tadbirkor qurilishni boshlash uchun 6 oydan 1 yilgacha hujjat yig‘ib yurishiga barham beriladi. Endi hokimlar yerni qurilish ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan “tayyor paket” shaklida savdoga chiqaradi.
Bunday yerni olgan tadbirkor qurilishni darhol boshlashi mumkin bo‘ladi. Infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans ham 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.
Banklar balansidagi 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi. Uni sotib olgan tadbirkor bir yil yer va mulk solig‘ini to‘lamaydi.

“Bond sanoat zonalari”
Birinchi navbatda mahalliylashtiriladigan 50 ta mahsulot ro‘yxati shakllantirildi. Ularni o‘zlashtirish uchun Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalarining bir qismida “Bond sanoat zonalari” tashkil etiladi.
Bu zonalarga xomashyo va butlovchi qismlarni olib kirishda barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Mahalliylashtirish darajasi 30-40 foizdan oshsa, mahsulotni ichki bozorga chiqarishda ham imtiyozli shartlar qo‘llanadi.
“Bond sanoat zonalari”da zamonaviy R&D markazlari, laboratoriya, muhandislik va texnologik xizmatlar yagona zanjirda ishlaydi. Tadbirkorlarga infratuzilmali tayyor binolar taqdim etish uchun 50 million dollar ajratiladi.









