Ma’lum qilinishicha, ko‘p tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilish aylanma mablag‘ni qisqartirayotganini bildirgan.

Endi ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun avans 15 foiz bo‘ladi.

“Umuman, energetika bo‘yicha boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartiryapmiz. Barcha tumanlarda tadbirkorlarning hozirgi ehtiyoji va ertangi rejasiga qarab ishlaydigan yangi tizim bo‘ladi”, – dedi prezident.

Pudratchilar va loyihachilarga rag‘bat

Kelasi yildan qurilish sohasida pudratchi va loyihachilar o‘sishini rag‘batlantiradigan yangi yondashuv joriy etiladi. Qurilish qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir ishchi-soat uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida mablag‘ rejalashtiriladi.

Davlat ob’yektlari smetasida pudrat korxonalari uchun 7 foiz foyda ko‘zda tutiladi. Qurilish murakkabligiga qarab loyihalash ishlariga ob’yekt qiymatining 4-7 foizigacha mablag‘ ajratiladi.