Prezident matbuot xizmati davlat rahbarining muloqotdagi nutqidan asosiy fikrlarni keltirib o‘tdi.

➖ Besh yilda biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berdi, bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.

➖ O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi, tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.

➖ Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil 1 milliard dollar jalb qildi.

➖ Bugun tadbirkorlar “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tmoqda.

➖ So‘nggi besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga yo‘naltirgan investitsiyalari 3 karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi.

➖ Sanoat hajmi 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga yetkazildi.

➖ Ay-Ti, fintex va boshqa servis sohalari juda tez o‘sayotgani uchun xizmatlar hajmi “1 trillion so‘mlik marra”dan o‘tgan tumanlar 152 ta bo‘ldi (2021 yilda 41 ta edi).

➖ Yetakchi xalqaro market-pleyslar bilan ishlayotgan korxonalar soni 3,5 mingga yetdi, ilgari ular 100 ta ham bo‘lmagan.

➖ Biznesini mahallada boshlagan va O‘zbekiston bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar esa, 300 dan oshdi.

“BYD”, “ADM Jizzax”, “Sirdaryo Asaka motors” kabi zamonaviy avtomobil zavodlari qurilgani – bu sohaga yangi kompetensiya va texnologiya olib kirdi.

➖ Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Chirchiq, Jizzax va Farg‘onadagi kimyo klasterlarida yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan 40 ta yangi quvvat ishga tushirildi.

➖ Qisqa davrda Xorazmga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushirildi.

Tuproqqal’a va Yangiariqda jami 275 Mega-vattli elektr stansiyalar barpo qilingani korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlashga xizmat qilayapti.

➖ O‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi.

“Fitch” va “Moody’s” xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi.

➖ Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti to‘g‘risidagi hisobotida O‘zbekiston yetakchi davlatlar qatoridan joy olib, 31-o‘rinni egalladi.

➖ Shu yilning o‘zida xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trillion so‘mlik kooperatsiya buyurtmalarini olishga erishdi.

➖ Strategik korxonalar mahalliylashtirish uchun 650 dan ziyod yangi mahsulot ro‘yxatini e’lon qilgani tadbirkorlar uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik bozor yaratdi.

➖ Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirilgani 600 ming kichik biznes vakiliga katta dalda bo‘ldi.

➖ Kafe va restoranlarga qo‘shilgan qiymat solig‘idan 100 milliard so‘m “keshbek” sifatida qaytarildi.

➖ Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi belgilangani hisobiga 400 milliard so‘m fermerlarning o‘zida qoldi.

➖ Qozog‘istonda 11 turdagi qurilish materiallari importiga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi.

➖ Turkmaniston bilan ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan o‘zaro bojsiz savdo rejimi yo‘lga qo‘yildi.

Iordaniya bilan 150 turdagi, Pokiston bilan 88 turdagi, Eron va Afg‘oniston bilan 34 turdagi mahsulot bo‘yicha imtiyozli savdo bitimlari tuzildi.

Mongoliya, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Misr va Hindiston bilan ham bunday kelishuvlar bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Olmaliqda to‘rtinchi Misni boyitish fabrikasi, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo‘nalishlarida yangi zamonaviy avtomobil yo‘llari qurilmoqda.

Xorazmda ekologik avia-yoqilg‘i majmuasi, Surxondaryoda 940 gektarda zamonaviy issiqxona, Yuqorichirchiqda Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda.

➖ Bu yil qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihalari boshlanadi.

➖ Barcha hududlarda jami 3 million aholi uchun yangi massivlar barpo etilmoqda.

➖ Yirik loyihalarda o‘z mahsuloti va xizmati bilan ishtirok etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun xorijiy investorlar bilan tengma-teng sharoit yaratib beriladi.

➖ Transport-logistika sohasidagi tadbirkorlarga yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yig‘imi olib tashlandi.

➖ Mahalliy operatorlarga xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘i “nol” stavkaga tushiriladi.

➖ Kelasi yil Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna bo‘lgan logistika markazi ishga tushiriladi, Anakliya porti loyihasi bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlandi.

Olot, Termiz, Yangiyo‘l, Ohangaron tumanlari va Xonobod shahrida yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi.

➖ 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi va “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushiriladi.

➖ So‘nggi yillarda banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshdi. Birinchi yarim yillikning o‘zida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trillion so‘m resurs ajratildi.

➖ “Kredit xizmatlari yagona raqamli portali”da tadbirkor bitta ariza beradi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi.

➖ Biznesning har bir bosqichiga mos qo‘llab-quvvatlash choralari va moliyaviy mexanizmlarni taqdim etadigan yaxlit ekotizim yaratiladi.

➖ Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.

➖ Kichik tadbirkorlar uchun garov ta’minoti masalasini hal qilish maqsadida “kontr-kafolat” tizimi joriy qilinadi.

➖ Endi 10 milliard so‘mgacha kreditda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, yana 15 foizini banklar zimmasiga oladi. Tadbirkorga kredit olish uchun 25 foiz garov topish yetarli bo‘ladi.

“Virtual soliq maslahatchisi” orqali tadbirkorga xarajat va xatoni kamaytirishga xizmat qiladigan sun’iy intellekt portali ishga tushdi.

➖ 2027-yildan “sun’iy intellekt yordamchilari” qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlari jarayonlariga ham joriy qilinadi.

➖ Tadbirkorlarni boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan, birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha hamrohlik qiladigan kompleks tizim yaratiladi.

➖ Davlat aktivini sotib olishda avans miqdori 30 foizdan 15 foizga tushiriladi.

➖ Olti oy davomida to‘lovlarni to‘liq amalga oshirgan tadbirkorlarga 25 foiz chegirma beriladi. Jami summaning yarmini to‘laganlar qolganini 7 yilda foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.

➖ Uch oyda sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha kamaytiriladi. Auksion muddati 30 kundan 15 kunga, takroriy savdoda 10 kundan 5 kunga qisqaradi.

➖ Yerlar qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan “tayyor paket” shaklida savdoga chiqariladi.

➖ Infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans to‘lovi 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.

➖ Banklardagi 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz, foizsiz, bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi. Banklardan ushbu ob’yektlarni sotib olgan tadbirkorlar bir yil yer va mulk solig‘ini to‘lamaydi.

➖ Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalarining bir qismida “Bond sanoat zonalari” tashkil etiladi.

➖ “Bond sanoat zonalari”da tadbirkorlarga tayyor binolarni infratuzilmasi bilan taqdim qilishga 50 million dollar ajratiladi.

➖ ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun elektr energiyasi va gaz bo‘yicha avans miqdori 100 foizdan 15 foizga tushiriladi.

➖ Davlat ob’yektlari smetasida pudrat korxonalari uchun 7 foiz foyda ko‘zda tutiladi. Loyihalash ishlariga esa ob’yekt qiymatining 4 foizidan 7 foizigacha mablag‘ ajratiladi.

➖ Sun’iy intellekt va zamonaviy yondashuvlarni joriy qilgan tadbirkorlarning 54 foizida mahsulotga talab keskin oshgan, 25 foizida tannarx sezilarli kamaygan, 40 foizida ishchilar oyligi 10 foizdan yuqori o‘sgan.

➖ Raqamli Hukumat markazida birinchi super-kompyuter klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Kelasi yil uning quvvati 3 karra oshiriladi.

“10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi.

➖ Korxonalarga sun’iy intellekt joriy qilish xarajatining 50 foizi – 30 ming dollargacha kompensatsiya qilinadi.

➖ Yangi mahsulotlar sun’iy intellekt modelini yaratish uchun super-kompyuter imkoniyatlaridan bepul foydalanish mumkin bo‘ladi.

➖ Korxonalarning yangi mahsulot yaratish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot xarajatlari byudjetdan qoplanadi.

Elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati korxonalariga avtomatlashgan boshqaruv tizimlarini joriy qilish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

➖ Mahalliy korxonalarning kapital bozoriga jadal kirib borishi uchun nufuzli investitsiya banklari bilan akseleratsiya dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

➖ Har yili yillik daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona tanlab olinib, ularni “IPO”ga tayyorlash va hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi.

➖ Korxonalarga tashqi bozorga chiqishdagi barcha jarayonlarda kompleks xizmat ko‘rsatadigan “eksport navigator” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

➖ Tashqi bozorda mustahkam o‘rin egallashi mumkin bo‘lgan 100 ta mahsulot ro‘yxati tuzilib, har biri bo‘yicha raqobatchilar, tarif tizimi va logistika bo‘yicha yechimlar ishlab chiqiladi.

2 mingta korxonada ishlab chiqarishni tashqi bozor va xaridor segmentiga moslashtirish dasturi amalga oshiriladi.

100 ta mahsulot bo‘yicha tadbirkorlarga har bir bozor kesimida standart va sertifikatlar olishga ko‘maklashiladi, eksport uchun yangi moliyaviy mexanizmlar va eng optimal logistika marshrutlari ishlab chiqiladi.

➖ Tadbirkorlarga xorijiy “brend-meyker” olib kelish xarajatining yarmi – 500 ming dollargacha to‘lab beriladi.

➖ Tashqi bozorlarda milliy brendlarni targ‘ib qilish va ularni xalqaro talablarga moslashtirishga 50 ming dollargacha subsidiya beriladi.

➖ Market-pleyslar orqali mahsulotlarni omborga joylashtirish va sotish bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi – 50 ming dollargacha kompensatsiya qilinadi.

➖ Xalqaro tenderlarda ishtirok etishga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan konsalting kompaniyalari xarajatining 80 foizi – 50 ming dollargacha qoplab beriladi.

➖ Barcha eksportchilar uchun teng sharoit yaratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona tizim qilinadi. Bunga 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.

➖ Diplomatlar “tadbirkorlarning elchisi”ga aylanadi.

➖ Katta eksport bozorimiz bo‘lgan 20 ta va istiqboli yuqori yana 5 ta davlatda faol ishlayotgan tadbirkorlarga “eksport elchilari” maqomi beriladi.

➖ Eksportchilar yil yakunigacha qarzni qoplash uchun bankdagi hisobraqamiga valyuta qo‘ysa, bu eksport tushumi sifatida qabul qilinadi.

➖ Tovar eksporti uchun to‘lov tushmagan bo‘lsa ham, eksport qilishga cheklov olib tashlanadi. Invoys orqali eksport qilishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash talabi ham bekor bo‘ladi.

➖ Savdo uyi va distribyutorlar orqali qilingan eksport bo‘yicha valyuta tushumini ta’minlash muddati 180 kundan 365 kunga uzaytiriladi.

➖ Eksportchi foydasiga sud qarori chiqqan shartnomalar bo‘yicha jarima qo‘llash to‘xtatiladi.

➖ Uch yilda biznesga soliq yuki 13,4 foizdan 12 foizga kamaydi. O‘tgan o‘n yilda yashirin iqtisodiyot 50 foizdan 26 foizgacha qisqardi.

➖ Iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, aksincha, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak.

➖ Kichik biznes faoliyatida inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi.

➖ Endi o‘rta va yirik tadbirkorlar korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazsa, uning xulosasini soliq organi tan oladi.

➖ Aniqlangan kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi va ushbu davr uchun soliq organi tekshiruv o‘tkazmaydi.

➖ Yong‘in xavfsizligi, qurilish, sanitariya va karantin tizimlarida ham profilaktik audit mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

➖ Yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi.

➖ Hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak.

➖ Barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobarga kamaytiriladi.

➖ Davlat xaridida qabul qilingan tovar bo‘yicha zakalat puli avtomatik qaytadigan tizim joriy qilinadi.

➖ Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarni ko‘rishda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” tamoyili joriy qilinadi.

➖ Endi tadbirkorning aybdorligi sudda isbotlanmaguncha, u aybsiz deb hisoblanadi, jarima va boshqa ta’sir choralari qo‘llanilmaydi.

➖ Tadbirkorlarga iqtisodiy va moliyaviy jarimalar qo‘llashda “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi yo‘lga qo‘yiladi.

Birinchi marta qoida buzgan, lekin fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i, o‘zgalar mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorlarga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.

➖ Tadbirkor foydasiga qaror chiqarilgan ishlar bo‘yicha davlat idoralarining yetarli asos bo‘lmasa-da, ishni oxirgi instansiyagacha olib borishiga chek qo‘yiladi.

➖ Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir bosqichda sudga murojaat qilish uchun davlat bojini to‘lashi majburiy bo‘ladi.

➖ Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ko‘rib chiqish vakoliyati ham beriladi.

➖ Tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining 50 foizi “sukut – rozilik” tamoyiliga o‘tkaziladi.

➖ Agar tadbirkorning arizasi belgilangan vaqtda ko‘rib chiqilmasa, murojaat avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan hisoblanadi.

➖ Litsenziya bo‘yicha ariza rad qilingan har bir holatni Biznes-ombudsman o‘rganadi. Asossiz rad qilish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

30 dan ziyod faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi.

➖ Yana 35 ta litsenziya va ruxsatnomani berish muddati 2-3 karra qisqartiriladi.

10 ta litsenziya va ruxsatnoma xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.

➖ Oziq-ovqat eksportida talab etiladigan 3 ta ruxsatnoma – veterinariya, sanitariya va fitosanitariya hujjatlari o‘rniga “Yagona salomatlik sertifikati” beriladi.

➖ Yangi litsenziya va ruxsatnoma joriy qilishdan olti oy oldin u 3 ta hududda eksperimentdan o‘tkaziladi.

➖ Biznes vakillarining ijro hujjatlari, ayniqsa, tadbirkor mulkiga taqiq qo‘yish bilan bog‘liq e’tirozlarini hal qilish uchun ijro masalalari bo‘yicha alohida uchrashuv o‘tkaziladi.

➖ Yil boshidan yurtimizga 8 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, ularning O‘zbekistonda bo‘lish muddati 8 kungacha uzaydi.

➖ Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlashga 50 million dollar resurs ajratiladi.

➖ Tadbirkorlarga mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 10 yil muddatga milliy valyutada 16 foizli kredit beriladi.

➖ Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxona qurishga subsidiyalar berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi.

➖ Subsidiya olish uchun mehmonxona toifasini tasdiqlashda xorijiy kompaniyalar xulosasini talab etish amaliyoti bekor qilinadi.

➖ Mehmonxonalar uchun yer va mulk solig‘ini 10 barobar kam stavkada to‘lash bo‘yicha imtiyoz 2030-yilgacha uzaytiriladi.

➖ Joylashtiruv o‘rinlari 50 tadan ko‘p bo‘lgan mehmonxonalarga naqd valyutani qabul qiladigan bankomatlarni banklarning o‘zi o‘rnatib beradi.

➖ Turoperatorlarning xorijiy turistlarga ko‘rsatgan xizmati eksportga tenglashtirilib, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

➖ Turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar olib kelishda bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi. Bunday turistik transportlar uchun utilizatsiya yig‘imi ham undirilmaydi.

➖ Bu yil yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish bo‘yicha katta marra olinmoqda.

➖ Tadbirkorlar yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirishi, qo‘shilgan qiymatni oshirishi, tashqi bozorlarga jadal kirib borishi uchun barcha sharoitlarni yaratish davom ettiriladi.

Toshkentlik tadbirkorlar va korxona egalari “biz faqat tashqi bozor, eksportga ishlaymiz”, degan tashabbus atrofida birlashib, amaliy ishlarga kirishishi kerak.

Andijon, Farg‘ona va Namanganda to‘qimachilik va mashinasozlikda ichki bozor yoki xomashyo eksporti bilan cheklanmasdan, to‘liq zanjirli ishlab chiqarishni kengaytirish zarur.

Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm va kreativ industriyani yangi imkoniyat maydoniga aylantirish, agrosanoatda xalqaro brendlarni yaratish uchun katta salohiyat bor.

Navoiy va Toshkent viloyatida tog‘-kon, metallurgiya va ilmiy kimyoda korxonalar, olimlar va ishlab chiqaruvchilar birgalikda ishlashi kerak.

Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat, neft-gaz kimyosida oddiy xomashyo sotishdan tayyor mahsulotning eng uzun va daromadli zanjiriga o‘tish zarur.

Qoraqalpog‘istonda “yashil energetika”, Ay-Ti va sun’iy intellektni iqtisodiy “drayver”ga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari sohasida salohiyatli klaster tizimi yaratilib, tadbirkorlar dunyoda raqobatlasha oladigan eng arzon tannarx va eng ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lishi shart.