Visual Capitalist taqdim etgan reyting OAG Takeoff Airlines Ranking Report 2025 hisoboti maʼlumotlariga asoslangan. Unda aviakompaniyalar 2024-yil davomida amalga oshirgan rejali, bir yoʻnalishdagi reyslar soni boʻyicha saralangan.

Muhim jihati, reyting yoʻlovchilar soni, samolyotlardagi oʻrindiqlar miqdori yoki aviakompaniyalarning daromadini emas, aynan rejalashtirilgan parvozlar sonini aks ettiradi.

Reyting natijalari AQShning eng yirik aviakompaniyalari va aksariyat xalqaro tashuvchilar oʻrtasida sezilarli farq mavjudligini koʻrsatgan.



Masalan, toʻrtinchi oʻrinni egallagan Southwest Airlines 2024-yilda 1,45 mln reys amalga oshirgan. Bu beshinchi oʻrindagi Irlandiyaning Ryanair aviakompaniyasi koʻrsatkichidan qariyb 32 foizga koʻp.

Umuman olganda, reytingga kirgan oltita AQSH aviakompaniyasi bir yil davomida qariyb 7,7 mln reys amalga oshirgan.

American Airlinesʼga ichki bozor yordam bermoqda

American Airlines faoliyatining ulkan koʻlami, birinchi navbatda, AQShdagi keng ichki aviaqatnovlar tarmogʻi bilan izohlanadi.

OAG maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda aviakompaniyaning umumiy tashish quvvatining 82,6 foizi ichki yoʻnalishlar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Kompaniya anʼanaviy «xab va spitsa» modeli asosida ham ishlaydi. Bunda koʻplab yoʻnalishlar yirik uzel aeroportlariga bogʻlanib, yoʻlovchilar oqimining katta qismi aynan shu markazlarda jamlanadi.

Bunga Dallas - Fort-Uert xalqaro aeroportini misol qilish mumkin. Ushbu aeroportda aviakompaniyalar umumiy tashish quvvatining qariyb 81 foizi American Airlines hissasiga toʻgʻri kelgan.

Yirik aviakompaniyalar oʻz mavqeini dunyodagi uchta asosiy aviatsiya alyansi doirasidagi xalqaro hamkorlik orqali ham mustahkamlamoqda.

Ryanair - Yevropadagi yetakchi

Irlandiyaning Ryanair aviakompaniyasi 2024-yilda qariyb 1,1 mln reys amalga oshirib, jahon reytingida beshinchi oʻrinni egallagan.