Olimlar nima uçun taqdirlandi?

Stenford universiteti vakili Robert Holl va Kolumbiya universiteti vakili Maykl Vudford iqtisodiy siyosatni yanada samarali olib borişga xizmat qiladigan makroiqtisodiy modellarni işlab çiqdi.

Ularning tadqiqotlari alohida uy xöjaliklari hamda kompaniyalar qabul qiladigan qarorlarning butun iqtisodiyotga qanday taʼsir körsatişini tuşuntirib beradi. Aholi va biznesning kelajakni qanday baholaşi ham muhim ahamiyatga ega: masalan, ular hukumat va Markaziy bankning kutilayotgan qarorlaridan kelib çiqib öz rejalarini özgartiradimi yoki yöqmi.

Uşbu modellar hukumatga iqtisodiyotni barqarorlaştiriş uçun eng maqbul çoralarni tanlaşda yordam beradi. Inqiroz va pasayiş davrida foiz stavkalarini pasaytiriş hamda byudjet xarajatlarini oşiriş işbilarmonlik faolligini qöllab-quvvatlaşi mumkin. Iqtisodiyot haddan taşqari «qizib ketgan» paytda esa köriladigan çoralar ortiqça talab va inflyatsiyani jilovlaşga qaratiladi.

Uşbu tadqiqotlar nima uçun muhim?

1970-yillarda anʼanaviy iqtisodiy modellar jiddiy muammolarga duç keldi: mamlakatlar past iqtisodiy ösiş, yuqori işsizlik va yuqori inflyatsiya davrini boşdan keçirdi. Iqtisodiy barqarorlaştirişga nisbatan avvalgi yondaşuvlar har doim ham kutilgan natijani beravermasligi ayon böldi.

Holl va Vudford modellarni mikroiqtisodiy asoslarga tayangan holda - alohida şaxslar hamda kompaniyalar isteʼmol, jamğariş va narx belgilaş böyiça qay tarzda qaror qabul qilişini hisobga olgan holda qurişni taklif etdi.

Bunday yondaşuv iqtisodiy siyosatning nazariy bazasini takomillaştirişga zamin yaratdi. Olimlarning ilmiy işlanmalari hukumatlar va markaziy banklarga iqtisodiy larzalar, jumladan, energetika inqirozlari hamda isteʼmol talabining keskin özgarişlariga munosib javob qaytarişda yordam beradigan modellarni yaratişda keng qöllanilmoqda.