Oʻtgan oyda eksperimental sunʼiy intellekt tizimi tomonidan toʻliq boshqarilgan Rossiya droni hujumi oqibatida Ukrainada uch nafar tinch aholi vakili halok boʻlgan. Gap 6-iyul kuni Zaporijjyadagi avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasiga uyushtirilgan hujum haqida bormoqda. Hujum oqibatida 19 yoshli talaba qiz hamda 41 va 48 yoshli ikki erkak halok boʻlgan.

Ushbu voqea haqida maʼlumot tarqatgan New York Times nashri ukrainalik dron boʻyicha ekspertlar, harbiylar va kriminalistlarning xulosalariga tayangan. Shuningdek, ular Zaporijjyaga hujum qilgan «Molniya» turidagi Rossiyaning boshqa dronlari qoldiqlarini ham oʻrgangan.

Tahlilchilar ushbu dronlar toʻliq avtonom boʻlgan deb hisoblamoqda va bunga bir qancha sabablarni keltirgan.

Xususan, dronlarda videokamera boʻlsa-da, operator bilan aloqa oʻrnatish uchun antennalar boʻlmagan. Portlashi odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan dron taxminan oltita drondan iborat guruh tarkibida uchgan. Uchuvchisiz qurilmalarning hech biri oʻz bazasiga radiosignallar uzatmagan.

Bu dronlar Zaporijjyaga toʻlqinma-toʻlqin uchirilgan – bitta ommaviy hujum ortidan darhol boshqasi amalga oshirilgan.

Eng asosiysi dronlar ichidan AQShning Nvidia kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Jetson Orin mini-kompyuterlari topilgan. Bu kompaniya dunyodagi eng ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarini ishlab chiqaradi.

2026-08-25 17.30.46
Foto: NYT

Aynan narxi atigi bir necha yuz dollar boʻlgan chip oʻrnatilgan mini-kompyuterlar nishonni tanlash boʻyicha qaror qabul qilgan, deb taxmin qilinmoqda. Nashrning yozishicha, avvalroq bunday mini-kompyuterlar ruslarning boshqa qurollaridan ham topilgandi.

Ukrainalik mulozimlarning soʻzlariga koʻra, Zaporijjyaga hujum qilgan drondagi Nvidia mini-kompyuteri shifrlanmagan boʻlgan. Shuning uchun ekspertlar modulga yuklangan joy tasvirlarini koʻrishgan va dronning dasturiy kodini ham oʻrganib chiqqan. Natijalar - dron qanday turdagi nishonlarni tanish hamda ularga hujum qilishga oʻrgatilganini koʻrsatgan.

Taxminlarga koʻra, ushbu dronlar quyidagicha harakatlanadi: operator dronni maʼlum bir nishonga, masalan, yoqilgʻi quyish shoxobchasiga qarab uchish uchun dasturlaydi. Dron unga yaqinlashgach, obyektlarni tanish boʻyicha oldindan oʻrgatilgan baza asosida yakuniy nishonni, masalan, propan ballonlarini oʻzi mustaqil tanlaydi.