Rossiya hukumati sobiq ittifoq hududidagi jinoiy tarmoqlar orqali Ukraina Qurolli kuchlarining Uchuvchisiz tizimlar kuchlari qoʻmondoni Robert «Madyar» Brovdini topishga yordam beradigan maʼlumot uchun 20 million dollar mukofot eʼlon qildi. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi.

Brovdi nashrga soʻnggi bir yil ichida Rossiyaning frontdagi barcha yoʻqotishlarining taxminan uchdan bir qismi uchuvchisiz tizimlar qoʻshinlari hissasiga toʻgʻri kelishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, urush boshlanganidan beri uning boʻlinmalari 79 nafar jangchidan ayrilgan va halok boʻlgan har bir jangchi uchun 656 nafar rossiyalik harbiyni yarador qilgan yoki oʻldirgan.

Tahdidlar tufayli Brovdi va uning qoʻl ostidagilar kuchaytirilgan xavfsizlik choralariga rioya qilishga majbur. Intervyu davomida WSJ jurnalisti geolokatsiyani oʻchirib qoʻyishga va smartfonini mobil aloqa, Wi-Fi, Bluetooth va GPS bloklanadigan Faradey paketiga joylashtirishga majbur boʻldi. Uni qoʻmondonlik markaziga oynalari qoraytirilgan mashinada olib borishdi.

Robert Brovdi - asli mojar boʻlgan, Ujgorodda tugʻilgan shaxs. Urushdan oldin u gʻalla biznesi bilan shugʻullangan, bosqin boshlanganidan keyin esa koʻngilli boʻlib urushga joʻnagan. 2022-yil may oyida Brovdi «Madyar qushlari» havo razvedkasi boʻlinmasini tashkil qildi. Vaqt oʻtishi bilan u 414-alohida uchuvchisiz tizimlar brigadasiga aylandi.

2025-yil may oyida Brovdi Ukraina Qahramoni unvonini oldi va bir oy oʻtgach, UQK Uchuvchisiz tizimlar kuchlariga rahbar etib tayinlandi. Rossiyada Madyar sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Unga 46 ta jinoyat epizodi, jumladan, «tinch aholi oʻlimiga va sezilarli mulkiy zarar yetkazilishiga olib kelgan teraktlar» ayblovi qoʻyilgan.