Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida reaktiv dronlarni uchirishga moʻljallangan yangi yirik baza qurilishini atigi olti hafta ichida deyarli yakunladi, deb yozdi sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini oʻrgangan Reuters agentligi.
Baza Rostov viloyatida qurilmoqda. Agentlikning taʼkidlashicha, 31-avgust kuni uning oʻrnida boʻsh dala boʻlgan, hozir esa u yerda maydoni 126 ta futbol maydoniga teng ulkan majmua qad rostlagan.
DroneSec xususiy razvedka kompaniyasi asoschisi Mayk Monnik fikricha, suratlardan koʻrinib turibdiki, baza eng yangi «Geran-4» va «Geran-5» reaktiv dronlarini uchirishga moʻljallangan. Majmuaning gʻarbiy qismida sakkizta uchirish qurilmasi joylashgan.
Ekspertning baholashicha, baza kuniga 100 ga yaqin reaktiv dronni uchirish imkoniyatini bera oladi. U «sanoqli haftalar ichida» toʻliq foydalanishga topshirilishi mumkin.
Rossiya soʻnggi bir necha oy ichida Ukrainaga zarba berish uchun reaktiv dronlardan faol foydalanishni boshladi. Ularning oddiy dronlardan farqi - parvoz masofasi va tezligining sezilarli darajada oshganidir. Ularni urib tushirish oddiy dronlarga qaraganda qiyinroq.















