Dolli Partonning matbuot kotibi maʼlumotiga koʻra, «kantri musiqasi qirolichasi» 25-avgust kuni Tennessi shtati Neshvill shahrida 80 yoshida vafot etgan. Xonandaning oʻlimi haqida uning jiyani Brayan Siver ham maʼlum qilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp Dolli Parton vafoti munosabati bilan mamlakat boʻylab davlat bayroqlarini bir hafta davomida yarim ustunga tushirishni buyurgan. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmogʻida maʼlum qildi.
Tramp Partonni nafaqat kantri, balki butun Amerika musiqa sahnasining buyuk ijrochilaridan biri sifatida taʼriflab, uning oʻlimi millionlab odamlar uchun katta yoʻqotish ekanini bildirgan.
Prezident farmoniga koʻra, AQSH bayroqlari 25-avgust kuni soat 18:00 dan boshlab bir hafta davomida yarim ustunga tushiriladi.
Bunday qaror AQSH uchun kam uchraydigan holat. Mamlakatda madaniyat vakillari vafot etganda bayroqlarni tushirish holatlari avval ham kuzatilgan, ammo odatda bunday qarorlar ayrim shtatlar yoki mahalliy hokimiyatlar darajasida qabul qilingan.
Butun AQSH hududida bayroqlarni yarim ustunga tushirish amaliyoti esa, asosan, yuqori martabali davlat amaldorlari, harbiylar vafoti yoki milliy fojialar qurbonlari xotirasiga qoʻllanadi.
Tramp bundan avval iyul oyida Janubiy Karolinadan senator Lindsi Grem vafoti munosabati bilan mamlakat boʻylab bayroqlarni tushirish haqida koʻrsatma bergan edi. Siyosatchi 12-iyul kuni 71 yoshida vafot etgan.
Qashshoq oiladan jahon musiqa yulduzigacha
Dolli Parton 1946-yilda Tennessi shtatida koʻp farzandli va kam taʼminlangan oilada tugʻilgan. U oiladagi 12 farzandning toʻrtinchisi edi.
Parton qoʻshiq aytishni cherkovda oʻrgangan va 13 yoshida ilk kantri plastinkasini yozgan. Uning ijodiy faoliyatidagi eng katta yuksalish 1970-yillarga toʻgʻri keldi. Keyinchalik xonanda pop-musiqa yoʻnalishida ham katta muvaffaqiyatlarga erishdi va kinoaktrisa sifatida tanildi.
Uning eng mashhur qoʻshiqlari qatoriga Jolene, Coat of Many Colors va I Will Always Love You kiradi. Keyinchalik I Will Always Love You qoʻshigʻini Uitni Xyuston «Tansoqchi» filmi uchun qayta ijro etgan va bu talqin ham jahon miqyosida mashhurlikka erishgan.
Dolli Partonning butun dunyo boʻylab sotilgan musiqiy yozuvlari umumiy tiraji 100 million nusxadan oshgan.









