«Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

  • tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy jarimalar qoʻllashda «Birinchi xato uchun ogohlantirish» qoidasi joriy etiladi va birinchi marta qoida buzgan, lekin fuqarolar hayoti va sogʻligʻi, oʻzgalar mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorlarga jarima qoʻllamasdan, dastlab kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi;
  • tadbirkorlik subyektlari faoliyatida 1 yil davomida oʻtkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi, bundan kameral soliq tekshiruvi mustasno.

2027-yil 1-yanvardan 2028-yil 31-dekabrga qadar huquqiy eksperiment tariqasida oʻrta va yirik tadbirkorlar tomonidan oʻz faoliyatini auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda soliq va yigʻimlarni toʻgʻri hisoblash va toʻlash boʻyicha tashabbus tarzidagi auditdan oʻtkazish hamda auditorlik xulosasini soliq organi tomonidan tan olish mexanizmi joriy etiladi. Bunda:

  • audit oʻtkazilgan davr uchun soliq organlari tomonidan soliq auditi oʻtkazilmaydi;
  • aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun muddatda bartaraf etilganda tadbirkorlik subyektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanmaydi;
  • mazkur eksperiment doirasida audit oʻtkazishi mumkin boʻlgan tashkilotlar reyestri Soliq qoʻmitasi tomonidan yuritiladi va rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi;
  • auditorlik xulosasini tan olish oqibatida toʻlanmay qolgan soliq va yigʻimlar aniqlangan holatlar boʻyicha auditorlik tashkiloti javobgar boʻladi.