Prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi yigʻilishda milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish boʻyicha rejalar koʻrib chiqildi.
Maʼlum qilinishicha, tadbirkorlar taqdim etadigan hisobot yukini 20 foizga qisqartirish, maʼmuriy va muqobil maʼlumotlar manbalari sonini 1,7 barobar oshirish, ularga ishlov berish vaqtini 20 foizga va xarajatlarni 25 foizga kamaytirish maqsad qilingan.
Maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha yagona yondashuvni shakllantirish maqsadida vazirlik va idoralar ishtirokida Maʼlumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish taklif qilindi.
Komissiya joriy yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlaridagi maʼlumotlarni boshqarish tizimlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazadi, 2027-yil 1-maygacha ularni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.
2027-yil 1-iyulga qadar Milliy maʼlumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Platforma maʼlumotlarni yagona tizimga integratsiya qilish, ularning sifati va xavfsizligini taʼminlash, tahlil va zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Ochiq maʼlumotlar bilan ishlash boʻyicha loyiha ofisini tashkil etish va davlat idoralari uchun “Ochiq maʼlumotlar reytingi”ni joriy qilish taklif etildi.
Statistika sohasida kadrlar tayyorlash va tadqiqotlarni kengaytirish maqsadida Maʼlumotlarga asoslangan boshqaruv maktabini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda davlat idoralari, biznes, statistika organlari, ommaviy axborot vositalari, tadqiqotchilar va talabalar uchun maʼlumotlarni boshqarish, biznes-tahlil, sunʼiy intellekt, maʼlumotlar jurnalistikasi va vizualizatsiya boʻyicha oʻquv dasturlari yoʻlga qoʻyiladi.

Milliy statistika tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish ham kengaytiriladi. 2027-yil 1-iyulga qadar statistik maʼlumotlar sunʼiy intellekt tizimlari oʻqiy oladigan formatlarda eʼlon qilinadi. Statistik koʻrsatkichlarni taqqoslash va chuqur tahlil qilish imkonini beruvchi sunʼiy intellekt agentlari joriy etiladi. 2027-yil yakuniga qadar aholi, demografiya, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid maʼlumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettiriladi.







