AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushida "oʻyin qoidalari" oʻzgardi. Endi Eron manfaatlari va xavfsizligiga qarshi har qanday hujum Eron Islom Respublikasi tomonidan “yanada tezkor, qattiq va ogʻriqli javob” bilan qarshi olinishi mumkin. Bu haqda Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Gʻolibof maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, AQSH “hujumlarga simmetrik javob qaytarish davri” tugaganini tushunishi lozim. Eronning Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalariga bergan soʻnggi zarbalari “faqat boshlanishi”, dedi Gʻolibof.
Shu bilan birga, u Erondagi murakkab iqtisodiy vaziyatga ham toʻxtaldi. Uning qayd etishicha, mamlakat aholisi valyuta kursining beqarorligi, inflyatsiya va ishsizlik bois jiddiy bosimni his qilmoqda. Gʻolibof “ichki birdamlik” va “tashqi tiyib turish” AQShga qarshi kurashdagi “eng muhim vosita” ekanligini taʼkidladi.
5-sentabr kuni AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) rahbari admiral Bred Kuper AQSH Eronga qarshi urushda oʻz taktikasini oʻzgartirayotganini maʼlum qildi.
“Agar sizlar bizning ikki kemamizga oʻq uzsangiz, biz uchta kemangizni “oʻchirib”, sizlarni yanada yuqori iqtisodiy badal toʻlashga majbur qilamiz”, - dedi u.
Kuperning taʼkidlashicha, zarurat tugʻilganda AQSH Qurolli kuchlari Eronning himoyalanmagan neft tankerlarini yoʻq qilishga tayyor.
5-sentabr kuni AQSH Qurolli kuchlari Xark oroli sohili yaqinida Eronning neft tankerlaridan biriga raketa zarbasi berib, uni ishdan chiqardi. Bundan avval esa, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Amerikaning ikki harbiy kemasiga raketa hujumi uyushtirgan. Biroq hujum oqibatida kemalarga zarar yetmagan.
The New York Times gazetasining AQSH razvedkasi hisobotiga tayanib xabar berishicha, Tehron AQSH bilan tinchlik kelishuviga rozi boʻlmoqchi emas. Nashr manbalari tanishgan hisobotga koʻra, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon yarim yil oʻtgan boʻlsa-da, mamlakat oʻz harbiy imkoniyatlariga ishonchini saqlab qolgan va nizoni davom ettirishga tayyorgarlik koʻrmoqda.
















