Germaniya hukumati Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Leypsig aeroportidagi dron hodisasi yuzasidan Berlinning Moskvaga qarshi choralarini «haqiqiy urushning boshlanishi» deb atagan bayonotiga munosabat bildirdi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi oʻrinbosari Yozef Xinterzeyer 7-sentabr kuni Berlinda oʻtkazilgan hukumat matbuot anjumanida Germaniya Leypsig aeroportida portlovchi modda oʻrnatilgan dron bilan bogʻliq hodisa uchun Rossiyani javobgar deb hisoblashini aytdi.

Uning taʼkidlashicha, Berlin Rossiyaning «gibrid hujumi»ga zarur paytda izchil, ammo bosiq tarzda javob qaytargan.

«Rossiya Germaniya va Yevropa Ittifoqi, shuningdek, biz va hamkorlarimiz bilan qanday munosabatlarga ega boʻlishni istashini hal qilishi kerak», dedi Germaniya TIV vakili.

Lavrovning bayonotiga munosabat

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Germaniyaning Leypsigdagi hodisa uchun Moskvani javobgar deb koʻrsatishi va undan keyin koʻrilgan choralarni «haqiqiy urushning boshlanishi» deb baholagandi.

Xinterzeyer Lavrovning bu soʻzlari Germaniyada saylovlar oʻtkazilayotgan kunga toʻgʻri kelgani tasodif emas, degan fikrni bildirdi. 6-sentabr kuni Saksoniya-Anhalt federal yerida landtag saylovlari boʻlib oʻtgan va unda oʻta oʻng «Germaniya uchun muqobil» partiyasi katta farq bilan gʻalaba qozongan. Mazkur partiya Rossiya bilan aloqalarni tiklash va Moskvaga qarshi sanksiyalarni yumshatish tarafdori hisoblanadi.

Germaniya TIV vakiliga koʻra, gibrid hujumlarning oʻziga xos xususiyatlaridan biri - bunday harakatlar ortida turgan tomonning oʻz javobgarligini inkor etishidir.

Germaniya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Mitko Myuller ham Rossiya tomonidan ishlatilayotgan «harbiy ritorika»ga munosabat bildirdi.

Uning soʻzlariga koʻra, Yevropada «kim xalqaro huquqni buzgan holda tajovuzkor urush olib borayotgani va kim Yevropa davlatlariga qarshi gibrid hujumlar uyushtirgani»ga eʼtibor qaratishning oʻzi kifoya.

Leypsigda nima boʻlgan edi?

4-avgust kuni Leypsig aeroportida Ukrainaning An-124 yuk samolyotiga qarshi ehtimoliy diversiya urinishi sodir boʻlgan. OAV Germaniya tergov organlariga tayanib, hodisada bir nechta dron qatnashgan boʻlishi mumkinligini xabar qilgan.