Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Germaniyaning Leypsig aeroportida dronlar yordamida amalga oshirilgan ehtimoliy diversiyaga javoban koʻrgan choralarini keskin tanqid qildi.

Lavrov 6-sentabr kuni «Vesti» dasturidagi chiqishida Germaniya tomonining harakatlarini «umuman olganda, haqiqiy urushning boshlanishi» deb atagan.

Rossiya TIV rahbari Germaniya Rossiyaning Bonndagi bosh konsulxonasini chiqarib yuborgani, tegishli kelishuvni bekor qilgani va Berlindagi «Rus uyi»ni yopayotganini aytgan.

Lavrov, shuningdek, Berlin hodisani yetarlicha tekshirmasdan turib, unda Rossiyani ayblaganini daʼvo qildi.

Leypsig aeroportidagi hodisa 4-avgust kuni sodir boʻlgan. Germaniya tomoni uni Ukrainaga tegishli An-124 yuk samolyotiga qarshi diversiyaga urinish sifatida tekshirmoqda.

Berlin voqea tafsilotlarini oʻrganish va unga nisbatan javob choralarini tayyorlash uchun qariyb bir oy vaqt sarflagan.

Germaniya: xulosa dronlarni oʻrganish asosida chiqarilgan

Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindtning bildirishicha, Rossiyaning ehtimoliy javobgarligi haqidagi xulosa uchuvchisiz apparatlarning sozlamalari va ayrim texnik komponentlarini oʻrganish natijasida chiqarilgan.

Uning aytishicha, ushbu komponentlar avvalgi boshqa gibrid hodisalarda ham qoʻllangan.

Bundestagdagi Xristian-demokratik va Xristian-sotsial ittifoqi (XDI/XSI) fraksiyasining tashqi siyosat boʻyicha eksperti Yurgen Xardt esa Germaniya jamoatchilikka barcha dalillarni taqdim etishi shart emasligini bildirgan.

Uning fikricha, ayblanayotgan tomon hamkorlik qilishdan bosh tortgan sharoitda Rossiyaning javobgarligiga nisbatan «oqilona shubha qoldirmaydigan ishonchli faktlar zanjiri» yetarli boʻlishi mumkin.

Tergov ikki gumonlanuvchini aniqlagan

Nemis ommaviy axborot vositalari avvalroq tergov organlari maʼlumotlariga tayanib, Leypsig aeroportidagi ehtimoliy diversiyada bir nechta dron ishtirok etgani haqida xabar bergan edi.

Maʼlumotlarga koʻra, portlovchi modda oʻrnatilgan dronlardan biri Ukraina yuk samolyotlari turgan joy yaqinidan topilgan.