HydroLAKES maʼlumotlari asosida tuzilgan reytingda maydoni kamida 0,1 kvadrat kilometr boʻlgan tabiiy koʻllar hisobga olingan. Suv omborlari hamda oqimi inson tomonidan tartibga solinadigan koʻllar statistikaga kiritilmagan. Chegaradosh koʻllar esa ulardan suv oqib chiqadigan davlat hisobiga yozilgan.
Reytingda Kanadadan keyin Rossiya joylashgan - mamlakatda 201 240 ta koʻl bor. Uchinchi oʻrinni 102 519 ta koʻl bilan AQSH egallagan. Xitoyda esa 23 751 ta koʻl qayd etilgan va u toʻrtinchi oʻrinda.

Kanada, Rossiya va AQShning oʻzi ushbu maʼlumotlar bazasiga kiritilgan 1,42 milliondan ziyod koʻlning 83 foizdan ortigʻiga toʻgʻri keladi.
Biroq koʻllar soni ular egallagan umumiy maydon haqida toʻliq tasavvur bermaydi. Masalan, Kanada koʻllarining umumiy maydoni taxminan 812,7 ming kvadrat kilometrni tashkil etsa, Rossiyada bu koʻrsatkich qariyb 622,6 ming kvadrat kilometrga teng.
Statistikada koʻl deb hisoblanadigan suv havzasining minimal maydoni ham natijaga jiddiy taʼsir qiladi. Masalan, Finlyandiyada maydoni kamida 0,0005 kvadrat kilometr boʻlgan qariyb 168 mingta koʻl mavjud. Ammo HydroLAKES reytingidagi 0,1 kvadrat kilometrlik mezon qoʻllanganda, ularning soni 7 898 tagacha kamayadi.
Kanada va Rossiyada koʻllarning bunchalik koʻpligi, avvalo, ularning shimoliy geografik joylashuvi va qadimgi muzlik davrlari bilan bogʻliq. Minglab yillar davomida ulkan muz qatlamlari shimoliy hududlar relyefini qayta-qayta oʻzgartirgan. Muzliklar chekingach, ular hosil qilgan pastlik va chuqurliklarda suv toʻplanib, minglab koʻllar paydo boʻlgan.
Rossiyada dunyodagi eng noyob chuchuk suv havzalaridan biri - Baykal koʻli ham joylashgan. U dunyodagi eng chuqur koʻl hisoblanadi. Manbaga koʻra, Baykal suvlarida sayyoradagi muzlamagan chuchuk suv zaxiralarining qariyb 20 foizi mujassam.
Shu tariqa, bugungi kunda koʻllar eng koʻp toʻplangan hududlar xaritasi koʻp jihatdan qadimgi muzliklar harakatlangan hududlar bilan mos keladi. Bir vaqtlar ulkan muz qatlamlari qoplab turgan yerlarda hozir oʻn minglab, ayrim mamlakatlarda esa yuz minglab va milliondan ortiq koʻllar mavjud.
















