Milliy statistika qoʻmitasi 2026-yil avgust oyi uchun Oʻzbekiston hududlarida bir kilogramm palov tayyorlashga ketadigan mahsulotlar qiymatini hisoblab chiqdi.
Maʼlumotlarga koʻra, palov tayyorlash eng qimmatga tushadigan hudud Toshkent shahri boʻlgan - 130 285 soʻm. Keyingi oʻrinlarda Fargʻona viloyati - 126 711 soʻm va Toshkent viloyati - 124 226 soʻm bilan qayd etilgan.
Samarqand viloyatida bir kilogramm palov uchun zarur mahsulotlar 123 498 soʻmga, Qashqadaryo viloyatida 122 257 soʻmga, Surxondaryo viloyatida esa 121 367 soʻmga tushgan.
Navoiy viloyatida bu koʻrsatkich 120 850 soʻm, Buxoro viloyatida 120 600 soʻm, Xorazm viloyatida 119 940 soʻm, Namangan viloyatida 119 776 soʻm va Jizzax viloyatida 119 372 soʻmni tashkil etgan.
Nisbatan past koʻrsatkichlar Sirdaryo va Andijon viloyatlarida qayd etilgan. Sirdaryoda bir kilogramm palov uchun mahsulotlar qiymati 115 398 soʻm, Andijonda esa 115 377 soʻm boʻlgan.
Eng arzon koʻrsatkich Qoraqalpogʻiston Respublikasida qayd etilgan - 109 605 soʻm. Shu tariqa, eng qimmat va eng arzon hudud oʻrtasidagi farq 20 680 soʻmni tashkil etgan.
Hisob-kitob uchun 1 kilogramm lazer guruchi, 1 kilogramm sabzi, 700 gramm mol goʻshti, 300 gramm piyoz, 0,3 litr kungaboqar yogʻi, 100 gramm noʻxat, 10 gramm zira va 20 gramm osh tuzi qiymati inobatga olingan.
Milliy statistika qoʻmitasi ushbu raqamlar hududlarda sotilayotgan tayyor palovning bir kilogramm narxini anglatmasligini taʼkidlagan. Koʻrsatkichlar faqat palov tayyorlash uchun zarur boʻlgan mahsulotlarning chakana narxlari asosida hisoblangan.
















