Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan muzokaralar oʻtkazildi.
Uchrashuvda Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyaning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchilari ham qatnashgan.
Zelenskiy 6-sentabr kuni Uitkoff va Kushner bilan oʻtkazgan qoʻshma matbuot anjumanida muzokaralarning asosiy mavzulari haqida maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, tomonlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatishning ehtimoliy shartlari, Gʻarb davlatlarining yaqin istiqbolda Kiyevni qoʻllab-quvvatlashi, Ukraina uchun xavfsizlik va iqtisodiy kafolatlar hamda hududiy masalani muhokama qilgan.
Zelenskiy urush qishda ham davom etishini istisno qilmayapti
Ukraina prezidentining fikricha, hozirgi vaziyat urush qishda ham davom etishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Shu sababli Kiyev Gʻarb hamkorlaridan maxsus qishki yordam paketi olishga umid qilmoqda.
Zelenskiy Ukraina AQSH bilan bu borada kelishuvga erishishga umid qilayotganini, urush qishda ham davom etsa, Yevropa hamkorlarining qoʻllab-quvvatlashiga ham tayanishini aytgan.
Xususan, Kiyev Amerika suyultirilgan tabiiy gazidan (LNG) katta hajmda foydalanish imkoniyatiga hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari boʻyicha yangi yetkazib berishlarga umid qilmoqda.
Axios nashrining muzokaralardan xabardor manbasiga koʻra, Zelenskiy Uitkoff va Kushner bilan uchrashuvda Ukraina urush sharoitida qishga qanday tayyorlanayotgani masalasini ham koʻtargan.
AQSH vakillari esa Vashington qish boshlanguniga qadar tinchlik muzokaralarida jiddiy natijaga erishishni xohlayotganini bildirgan.
Axiosʼning yana bir manbasi Kiyevdagi muzokaralarni «yaxshi» deb baholagan. Uning aytishicha, Uitkoff va Kushner endi manfaatdor tomonlar bilan birgalikda tinchlik takliflarining «yangilangan varianti» ustida ishlash niyatida.
Hududiy masala ham muhokama qilingan
Zelenskiy muzokaralarda hududiy masala ham kun tartibida boʻlganini tasdiqladi.
Uning taʼkidlashicha, tomonlar bu mavzuni uzoq muhokama qilmagan boʻlsa-da, masala yuzasidan fikr almashish imkoniyati boʻlgan.

















