Leypsig aeroportida portlovchi moddalarga ega dron aniqlanishi ortidan Germaniya va Rossiya oʻrtasidagi ziddiyat keskinlashdi. Berlin hodisada rus maxsus xizmatlari izini koʻrmoqda va RFning Bonn shahridagi bosh konsulligi hamda “Rus uyi”ni yopishga qaror qildi. Bunga javoban Moskva Sankt-Peterburgdagi Germaniya bosh konsulligini yopmoqda.

Mavzu haqida “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Shuhrat Rasul va Hamza Boltayev soʻz yuritdi.

- Rossiya va Germaniya munosabatlari nega keskinlashyapti?

Shuhrat Rasul: Bu masalani nafaqat Germaniya–Rossiya ziddiyati doirasida, balki kengroq miqyosda koʻrish kerak. Chunki Rossiyaning Finlandiya va Norvegiya bilan munosabatlari ham keskinlashmoqda. Masalan, Norvegiya oʻz hududiga Tomahawk raketalarini joylashtirish boʻyicha qaror bildirganidan keyin, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov buni keskin qoraladi va Rossiya bunga javob berishini maʼlum qildi. Finlandiyaning NATOga aʼzo boʻlishi, uning hududida NATO infratuzilmasi va harbiy kontingentining joylashishi ham Rossiya uchun jiddiy xavf sifatida baholanmoqda. Ayrim jihatlarda bu Germaniya bilan yuzaga kelgan ziddiyatdan ham xavfliroq.

Xususan, Tomahawk raketalarining Norvegiyaga joylashtirilishi Rossiyaning strategik xavfsizligi uchun muhim boʻlgan Shimoliy flot faoliyatiga tahdid sifatida koʻrilmoqda. Chunki Rossiyaning yadroviy triadasidagi suvosti atom kemalarining asosiy qismi aynan Shimoliy flot tarkibida joylashgan. Shu sababli Moskva bu jarayonni strategik xavf sifatida qabul qilmoqda.

Germaniyaning Leypsig aeroportida terakt rejalashtirilgani, xususan Ukraina samolyotiga dronlar yordamida zarba berilishi kerak boʻlgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Germaniya politsiyasi bu rejaning oldini olgan. Nemis huquq-tartibot idoralari mazkur operatsiya ortida Rossiya tomonidan yollangan shaxslar va Rossiya maxsus xizmatlari turgan, degan xulosaga kelmoqda. Natijada Germaniya hukumati Ukrainaga harbiy yordamni sezilarli darajada kuchaytirish choralarini koʻrmoqda.

Xususan, Germaniyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari va ular uchun moʻljallangan raketalaridan katta partiyani Ukrainaga yetkazish masalasi koʻtarilgan. Bu tizimlar Patriot tizimining toʻgʻridan toʻgʻri analogi boʻlmasa-da, u Ukrainaga berilayotgan muhim havo mudofaa vositalaridan biridir. Bundan tashqari, Germaniya Ukrainaga boshqa turdagi qurol-yarogʻlar bilan ham yordam berishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Turkiyaning Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi raketalar yetkazib berishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Endi Germaniyaning ham shunga oʻxshash qarorlar qabul qilishi Rossiya–Germaniya munosabatlarini yanada keskinlashtirmoqda.