Endi buxgalterlar kartalarga onlayn buyurtma berishi, limitlar belgilashi hamda cheklarni toʻgʻridan-toʻgʻri Didox va 1S tizimlarida qabul qilishi mumkin. Cheklar soliq tizimida avtomatik ravishda roʻyxatdan oʻtkaziladi, 1S da esa tayyor avans hisobotlari shakllanadi. Barcha jarayonlar buxgalteriyaning birgina buyrugʻi bilan, inson omilisiz bajariladi.

«Soʻnggi besh yilda korporativ kartalardan foydalanish sezilarli kamaydi. Buning asosiy sabablari ortiqcha qoʻl mehnati, xarajatlar ustidan nazoratning yoʻqligi va kartalarni boshqarish uchun qulay tizim mavjud emasligidir. Oqibatda buxgalteriya faqat qiyinchilikka duch kelmoqda. Korporativ xaridni hisobga olish uchun buxgalter xodimdan chekni olishi, rekvizitlarni soliq tizimiga qoʻlda kiritishi hamda avans hisobotini rasmiylashtirishi kerak. Bu esa xatoliklar va jarimalar xavfini tugʻdiradi. Mana shunday murakkabliklar sabab koʻplab kompaniyalar korporativ kartalardan umuman voz kechishmoqda», - deydi Didox kompaniyalar guruhi rahbari Asqar Ismoilov.
Didox kompaniyasi Uzcard va Aloqabank bilan hamkorlikda aynan buxgalteriya ehtiyojlariga moslashtirilgan maxsus kartani muomalaga chiqardi. Karta kompaniya nomiga rasmiylashtirilib, muayyan xodimga biriktiriladi va Didox tizimiga toʻliq integratsiya qilingan. Karta orqali bajarilgan barcha amaliyotlar darhol hisob-kitobda aks etadi: cheklar tizimga avtomatik yuklanadi hamda buxgalterning birgina buyrugʻi bilan avans hisobotlari tayyorlanadi. Xarajatlar esa real vaqt rejimida toʻliq nazorat qilinadi!
«Ilgari korporativ kartadan qilingan xarajatlar boʻyicha avans hisobotlarini tuzishga soatlab vaqtim ketardi. Hozir esa xodim doʻkondan qaytib kelgunicha hisobot tayyor boʻladi, jarayonga bor-yoʻgʻi bir necha daqiqa kifoya», - deydi «FAS-TRADE» MCHJ bosh buxgalteri Don Le.
Karta qanday ishlaydi?
Buxgalter Didox tizimiga kirib, kerakli xodimga karta buyurtma qiladi va darhol xarajat summasi, muddati hamda turi boʻyicha limitlarni belgilaydi. Shuningdek, kartochkadan foydalanishni savdo nuqtalari toifalari (MCC-kodlar) boʻyicha ham cheklash mumkin. Masalan, toʻlovni faqat kanselyariya doʻkonlari yoki yoqilgʻi quyish shoxobchalarida amalga oshirishga ruxsat berib, kafe va supermarketlardagi xaridlarni cheklab qoʻyish imkoniyati bor. Bu sozlamalarning barchasi oldindan, tizimning oʻzida bir necha soniyada osongina bajariladi. Xodim esa oʻz kartasidan odatdagidek doʻkon, kafe, mehmonxona yoki onlayn xaridlarda foydalanaveradi. Toʻlov amalga oshirilishi bilan fiskal chek avtomatik tarzda Didox va 1S tizimlariga kelib tushadi. Uni skanerlash yoki rasmga olib joʻnatishga hojat qolmaydi. Zarurat tugʻilganda, buxgalter birgina tugmani bosish orqali chekni soliq qoʻmitasiga yuborishi va roʻyxatdan oʻtganlik tasdiqnomasini olishi mumkin. Natijada barcha xarajatlar shu zahoti buxgalteriya hisobida aks etadi, avans hisoboti esa kerakli kataklari toʻldirilgan holda avtomatik shakllanadi. Bu esa buxgalterda yoʻqotilgan hujjatlar va qoʻlda solishtirish (sverka) kabi ovoragarchiliklar mutlaqo boʻlmasligini anglatadi.














