Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil 1-avgust holatiga Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokida 20 973 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi. Poytaxtda 13 114 ta xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Bu mamlakatdagi jami shunday korxonalarning qariyb 63 foizini tashkil etadi.
Ikkinchi oʻrinda Toshkent viloyati - hududda 2 901 ta xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona bor. Keyingi oʻrinlarni Samarqand viloyati 754 ta, Fargʻona viloyati 659 ta va Surxondaryo viloyati 630 ta korxona bilan egallagan.
Shuningdek, Andijon viloyatida 519 ta, Buxoro viloyatida 449 ta, Sirdaryo viloyatida 341 ta, Navoiy viloyatida 335 ta va Namangan viloyatida 331 ta shunday korxona faoliyat yuritmoqda.
Jizzax viloyatida ularning soni 283 tani, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 258 tani, Xorazm viloyatida 214 tani tashkil etgan. Roʻyxatda eng past koʻrsatkich Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan - 185 ta.
Statistikaga koʻra, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning 4 685 tasi qoʻshma, 16 288 tasi esa xorijiy korxonalar hisoblanadi. Soʻnggi besh yilda bunday korxonalarning umumiy soni 1,7 barobarga koʻpaygan.
Korxonalar qaysi davlat kapitali ishtirokida tashkil etilgani boʻyicha Xitoy yetakchilik qilmoqda - 6 241 ta. Keyingi oʻrinlarda Rossiya - 3 512 ta, Turkiya - 2 327 ta va Qozogʻiston - 1 321 ta korxona bilan qayd etilgan.














