Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PQ-73-son qarori bilan koʻp kvartirali turar joy majmualarini kompleks qurish mexanizmlari belgilangan. Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-martdan 2028-yil 1-martga qadar ayrim hududlarda eksperiment tariqasida maxsus huquqiy rejim amal qiladi.
Belgilangan tartibga koʻra, investitsiya kompaniyasi dastlab kompleks qurilish hududidagi koʻchmas mulk egalari bilan muzokara olib boradi. Mulkdor oʻz mol-mulki bilan investitsiya kompaniyasi bilan tuziladigan shartnoma asosida loyihada ishtirok etishi ham mumkin.
Muzokaralar davomida investitsiya kompaniyasi mulk va unga tegishli yer uchastkasini sotib olishi yoki tomonlar boshqa shaklda kelishishi mumkin. Jumladan, mulkdorga mavjud mulki oʻrniga boshqa mulk yoki kompleks qurilish amalga oshirilayotgan hududdan uy-joy taqdim etish imkoniyati nazarda tutilgan.
Kompleks qurilish loyihasini amalga oshirish uchun hududdagi koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlarining kamida 80 foizi bilan notarial tasdiqlanadigan kelishuv bitimlari tuzilishi kerak.
Agar ayrim mulkdorlar bilan kelishuvga erishilmasa yoki ular kompensatsiya turi va miqdoridan norozi boʻlsa, investitsiya kompaniyasi sudga murojaat qiladi. Bunda kompensatsiya miqdorini belgilashda boshqa mulkdorlar bilan tuzilgan notarial kelishuvlar asosida shakllangan oʻrtacha bozor narxi asos qilib olinadi.
Prezident qarori bilan kompleks qurilish loyihalari amalga oshiriladigan dastlabki hududlar ham belgilangan. Ular qatoriga Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi Jarqoʻrgʻon, Mirobod tumanidagi Abdurauf Fitrat va Sergeli tumanidagi Xonobodtepa mahallalari kiritilgan.
Shuningdek, Namangan shahridagi Ravnaq mahallasi ham kompleks qurilish hududi sifatida belgilangan. Qaror roʻyxatida Samarqand va Qarshi shaharlaridagi hududlar ham nazarda tutilgan.
Mazkur mexanizmning asosiy shartlaridan biri koʻchmas mulk egalarining huquqlarini himoya qilish hisoblanadi. Qarorda kompleks qurilish mexanizmlarini joriy etish bilan birga mulkdorlar huquqlarining soʻzsiz himoya qilinishini kafolatlash maqsadi alohida belgilangan.















