Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Olimjon Abdullayev Litvaning TVG Group xalqaro transport kompaniyasi direktori Albertas Sitavichyus bilan uchrashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi maʼlum qildi.

Muzokaralarda qonuniy va tartibli mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish hamda uning yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, Oʻzbekiston fuqarolarini Litvada tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish koʻlamini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, ogʻir yuk tashuvchi avtotransport vositalari uchun professional haydovchilar tayyorlash va noqonuniy migratsiyaning oldini olish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar ishlab chiqish masalalari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni davom ettirish va oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.