Rossiya qoʻshinlari 18-sentabrga oʻtar kechasi Ukrainaning bir qator hududlariga uchuvchisiz uchish apparatlari bilan hujum qildi, deb xabar bermoqda DW Ukraina rasmiy idoralari maʼlumotlariga tayanib.

Sumi viloyatining Konotop shahriga berilgan zarbalar oqibatida bolalar bogʻchasi, maktab va tibbiyot muassasalariga zarar yetgan. Shuningdek, xususiy turar joylar, gaz taqsimlash tarmogʻi, kichik biznes korxonalari, elektr uzatish liniyalari va temir yoʻl infratuzilmasi shikastlangan.

Konotop meri Artyom Semenixinning maʼlum qilishicha, hujum oqibatida ikki ayol jabrlangan. Gaz taqsimlash tarmogʻiga zarar yetgani sababli shaharning bir qismi gaz taʼminotisiz qolgan.

Zaporijjyada savdo majmuasi vayron boʻldi

17-sentabr kuni kechqurun Rossiya qoʻshinlari Zaporijjyadagi savdo majmuasiga ham zarba bergan, deb xabar qildi mahalliy hokimiyat.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati maʼlumotiga koʻra, zarbadan keyin yirik yongʻin chiqqan va savdo majmuasi vayron boʻlgan. Bir kishi jarohatlangan.

Qutqaruvchilar 10 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni qamrab olgan yongʻinni oʻchirgan. Ukraina qutqaruv xizmatiga koʻra, takroriy zarbalar xavfi tufayli yongʻin oʻchiruvchilar bir necha bor ishni toʻxtatib, boshpanalarga chekinishga majbur boʻlgan. Keyinchalik avariya-qutqaruv ishlari yakunlangan.

Kiyevda ham bir kishi jarohatlandi

Ukraina poytaxti Kiyev ham kechqurun dronlar hujumiga uchragan. Shahar meri Vitaliy Klichko maʼlumotiga koʻra, Podol tumanida uchuvchisiz apparat noturar binoga zarba bergan.

Hujum oqibatida bir erkak jarohatlangan va shifoxonaga yotqizilgan.

Ukraina: Rossiya 93 ta dron uchirdi

Ukraina Harbiy-havo kuchlari maʼlumotiga koʻra, Rossiya tungi hujum davomida Ukrainaga jami 93 ta uchuvchisiz uchish apparatini uchirgan.

Ukraina tomoni ular orasida Shahed turidagi zarba beruvchi dronlar, reaktiv uchuvchisiz apparatlar, «Gerbera» va «Parodiya» kabi nishonni chalgʻituvchi apparatlar, shuningdek, «Banderol» va «Dan-T» turidagi vositalar boʻlganini bildirgan.