Yaponiyaning Mitsuoka kompaniyasi dizayni klassik Chevrolet Corvette C1 uslubida ishlangan yangi ikki oʻrinli LA1 rodsterini tayyorlamoqda. Avtomobil uchun zamonaviy Mazda MX-5 asos boʻlib xizmat qiladi.

347897175551481
Фото: Mitsuoka

Mitsuoka LA1 rasmiy premyerasini 26-noyabrga belgilagan. Hozircha kompaniya birinchi suratlarni eʼlon qilib, faqat boʻlajak modelning dizaynini oshkor qildi.

Rodsterning old qismi 1950-yillardagi Corvette C1 modelini eslatadi. Avtomobil toʻrtta fara, kattalashtirilgan radiator panjarasi, kapotdagi ventilyatsiya teshiklari va old splitterga ega boʻldi. Orqa qismi ham klassik Amerika rodsteri uslubida ishlangan: kuzovning yon tomonlarida joylashgan chiroqlar, koʻp miqdorda xrom va vintaj bamper.

347897175589105
Фото: Mitsuoka

Yaponiyada joriy Mazda MX-5 ND mos ravishda 132 va 184 ot kuchiga ega 1,5 va 2 litrli toʻrt silindrli dvigatellar bilan taklif etiladi. Ikkala motor ham olti pogʻonali mexanik yoki avtomatik uzatmalar qutisi va orqa gʻildirak tortuvchi tizim bilan ishlashi mumkin. Yangi modelning narxi hozircha maʼlum qilinmagan.

347897175573606
Фото: Mitsuoka

LA1 Mitsuoka kompaniyasining MX-5 asosida yaratilgan va Corvette’dan ilhomlangan ikkinchi loyihasi boʻladi. 2018-yilda kompaniya Rock Star rodsterini taqdim etgan boʻlib, uning dizayni MX-5 ND platformasini Amerikaning Corvette C2 elementlari bilan oʻzida mujassam etgandi. Yangi LA1 eskizlarini ham Rock Star ustida ishlagan dizayner Takanori Aoki yaratgan.