«Novaya gazeta» hammuassisi va sobiq boş muharriri Dmitriy Muratov AQŞ prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff hamda prezident kuyovi Jared Kuşnerga murojaat qildi.

Muratov ularni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ötkaziladigan muzokaralarda rossiyalik siyosiy mahbuslarni ozod qiliş masalasini kötarişga çaqirdi.

Nobel mukofoti sovrindori bu taklifni 19-sentabr kuni CNN telekanali efirida bildirgan. Uning fikriça, inson huquqlariga rioya etilişi va keng kölamli xalqaro töqnaşuv xavfi bir-biri bilan bevosita boğliq.

Muratov Uitkoff Kremldagi navbatdagi uçraşuvdan keyin AQŞga qaytayotganda ozod qilingan bir neça mahbusni samolyotida olib ketişi mumkinligini aytdi.

«Nega u yaxşi munosabatlarga ega bölgan janob Putindan bir neçta siyosiy mahbusni ozod qilişni söray olmaydi?» - dedi u.

Muratovning taʼkidlaşiça, Uitkoffning samolyoti Moskvadagi muzokaralardan keyin odatda yölovçilarsiz AQŞga qaytadi. Jurnalist Amerika vakillari diplomatik aloqalaridan insonlarni ozod qiliş uçun ham foydalanişi kerak, deb hisoblaydi.

Belarusda 25 nafar mahbus ozod qilindi

Muratov misol sifatida AQŞning maxsus vakili Jon Koulning Belarus rahbari Aleksandr Lukaşenko bilan olib borayotgan muzokaralarini keltirdi.

Koul bilan 16-sentabr kuni ötkazilgan navbatdagi uçraşuvdan keyin Belarus koloniyalaridan yana 25 nafar siyosiy mahbus ozod qilingan. Buning evaziga AQŞ Belarusning ikki korxonasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilgan.

Muratovning fikriça, mahbuslarni ozod qiliş böyiça şunga öxşaş muzokaralarni Rossiya bilan ham olib boriş mumkin.

Uitkoff Moskvaga sakkiz marta borgan

Stiven Uitkoff va Jared Kuşner oxirgi marta 5-sentabr kuni Kremlda Vladimir Putin bilan uçraşgan edi. Bu Uitkoffning Ukrainadagi uruşni tugatiş imkoniyatlarini muhokama qiliş uçun Moskvaga sakkizinçi taşrifi böldi.

Ertasi kuni Amerika vakillari Polşa orqali poyezdda Kiyevga borib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokara ötkazdi. Keyinçalik ular Polşa orqali AQŞga qaytdi.