DW xabariga koʻra, OpenAI vakillari bu haqda 25-sentabr, juma kuni maʼlum qilgan. Kompaniya sizib chiqqan fayllar haqiqiy odamlarning fotosuratlarimi yoki sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlarmi - bunga aniqlik kiritmagan. Ularning qachon va qayerda eʼlon qilingani ham ochiqlanmagan.

Reuters agentligiga koʻra, SI-agentlar ushbu tasvirlarga modellarni oʻqitish jarayonida kirish imkoniga ega boʻlgan. OpenAI oʻqitishning ayrim bosqichlarida foydalanuvchilarning shaxssizlantirilgan maʼlumotlaridan foydalanadi. Kompaniya bunday maʼlumotlarni ishlatishdan oldin fayllarning metamaʼlumotlari, ularni yaratgan shaxslarning ismlari va aloqa maʼlumotlarini oʻchiradi.

Biroq Reuters suhbatdoshlari bu jarayon foydalanuvchi shaxsini aniqlashga yordam berishi mumkin boʻlgan barcha maʼlumotlarni toʻliq olib tashlashini shubha ostiga qoʻygan.

Avstraliya hukumati sayti bilan bogʻliq hodisa

Bundan bir necha kun avval OpenAIʼning SI-agenti iyun oyida Avstraliya hukumatiga tegishli kamida bitta saytdagi yopiq maʼlumotlarga kirgani maʼlum boʻlgan edi. Xabarga koʻra, dastur Medicare umumiy tibbiy sugʻurta davlat tizimi statistikasi joylashtirilgan portal himoyasini buzib kirgan.

DW buni SI-agentlar topshiriqni bajarish jarayonida davlat idorasi tizimiga kirgani bilan bogʻliq dunyoda maʼlum boʻlgan ilk holat sifatida keltirgan.

Avstraliya rasmiylari hozircha bemorlarning shaxsiy maʼlumotlari sizib chiqmagan, deb hisoblamoqda. Biroq tekshiruv davom etmoqda. Hukumat yana uchta davlat tizimi ham hodisadan taʼsirlangan boʻlishi mumkinligini istisno qilmagan.

Boshqa kiberxavfsizlik hodisalari

Nashr sunʼiy intellektning kutilmagan harakatlari bilan bogʻliq boshqa holatlarni ham eslatgan. Jumladan, iyul oyi oxirida Anthropic kompaniyasi kiberxavfsizlik sinovlari vaqtida uning SI-modellari boshqa uchta kompaniyaning himoya tizimlariga kirganini tan olgan.

Shuningdek, avvalroq OpenAI agentlari bilan bogʻliq yana bir hodisa haqida xabar berilgan. Sinov paytida GPT-5.6 Sol til modeli va hali chiqarilmagan boshqa bir model asosidagi agentlar avval nomaʼlum boʻlgan zaiflikni topib, ajratilgan sinov muhiti chegarasidan tashqariga chiqqan. Shundan soʻng ular Hugging Face kompaniyasining ishlab turgan infratuzilmasining bir qismiga kirish imkoniga ega boʻlgan.