DW xabariga koʻra, Kiyev meri Vitaliy Klichko Solomenskiy tumanida raketa parchalari uy hovlisiga tushganini maʼlum qilgan. Uning dastlabki xabarida bu joyda yongʻin boʻlmagani aytilgan.
Klichko Pecherskiy tumanidagi uch qavatli noturar binoda yongʻin chiqqanini ham bildirgan. Keyinroq u Solomenskiy tumanida zarbadan soʻng taʼlim muassasasi korpuslaridan birida yongʻin yuz berganini maʼlum qilgan.
Kiyev shahar harbiy maʼmuriyati esa uchuvchisiz uchish apparati yoʻlning qatnov qismiga qulaganini xabar qilgan. Shuningdek, Goloseyevskiy tumanida parchalar besh qavatli uy tomiga tushishi oqibatida yongʻin chiqqan.
28-sentabrdagi hujumlarda ikki kishi halok boʻlgan
Tungi zarbalar Kiyev markaziga kunduzi uyushtirilgan hujumlarning davomi boʻldi. Klichkoning maʼlum qilishicha, 28-sentabr kuni boshidan shaharga berilgan zarbalar oqibatida ikki kishi halok boʻlgan, yana 26 kishi jarohatlangan.
Jabrlanganlarning sakkiz nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan birining ahvoli ogʻir deb baholangan.
Halok boʻlgan ikki kishi ham Ukraina Milliy fanlar akademiyasi binosiga dron zarbasi qurboni boʻlgan. Hujum oqibatida kuchli yongʻin chiqib, odamlar binoda qamalib qolgan. Koʻpchilik derazalar orqali tashqariga chiqishga majbur boʻlgan.
Rossiyaning yana bir zarbasi «Dobrobut» tibbiyot markazi binosiga toʻgʻri kelgan.

















