Rossiya va AQSH rossiyaliklarning dizel yoqilgʻisini Amerika va jahon bozorlariga yetkazib berish boʻyicha kelishib oldi. Bu haqda 9-oktabr kuni kechqurun Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotdan soʻng Qoʻshma Shtatlar prezidenti Donald Tramp maʼlum qildi. Tramp muzokaralarni «juda muvaffaqiyatli» deb baholagan. Putin esa Rossiya Amerika va jahon bozorlariga neft va neft mahsulotlarini yetkazib berishga tayyorligini tasdiqladi.
AQSH Moliya vazirligi esa Trampning koʻrsatmasi bilan Rossiya dizelini jahon bozorlariga yetkazib berishga ruxsat beruvchi vaqtinchalik litsenziya taqdim etgan. Mazkur litsenziya 2027-yil 7-aprelga qadar «Rossiyadan olingan dizelni sotish, yetkazib berish, tushirish yoki import qilish, shu jumladan, Qoʻshma Shtatlarga import qilish bilan bogʻliq boʻlgan» operatsiyalarga ruxsat beradi. Avvalroq Vashington AQSH va Isroilning Eron bilan urushi oqibatida bozorda yuzaga kelgan inqiroz sabab Rossiya neftiga qoʻyilgan sanksiyalarni ham vaqtincha yumshatgandi.
Rossiya ham dizel eksportiga qoʻyilgan cheklovlarni olib tashlashni boshlagan. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari Aleksandr Novak maʼlum qildi. Rossiya nefti va neft mahsulotlarini dunyoning turli mamlakatlariga yetkazib berish sanksiyalar, shuningdek, ichki eksport taqiqlari bilan cheklangan. Masalan, ishlab chiqaruvchilar uchun dizel va kema yoqilgʻisi eksportini taqiqlash oktabr oyi oxirigacha amal qiladi. Bunday cheklov Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalari tufayli mamlakatda yuzaga kelgan yoqilgʻi inqirozi fonida joriy etilgandi.
Trampning soʻzlariga koʻra, tomonlar Amerika va jahon bozoriga zudlik bilan 300 ming tonnadan ortiq dizel yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishgan. Rossiya noyabr oyi davomida yana 500 ming tonna hamda undan soʻng darhol 1 mln tonna dizel yetkazib berishi kerak. Bundan tashqari, neftni qayta ishlash zavodlari taʼmirlangach, Rossiya dizel eksporti hajmini oyiga 3 mln tonnagacha oshirishi mumkin.
Ukraina Moskva va Vashingtonning dizel kelishuvini tanqid qildi. Volodimir Zelenskiy deeskalatsiya boʻyicha hech qanday kelishuvsiz Rossiyaga qarshi sanksiyalarning har qanday tarzda yumshatilishini «ochiq-oydin zaiflik» deb atadi. «Putinga qilinayotgan bunday tuhfalar na tinchlikka, na sivilizatsiyalashgan dunyo uchun biror naf keltirishga xizmat qiladi. Rossiya dizel uchun keyingi terror va pastkashliklari bilan „minnatdorlik bildiradi“. Rossiyaga neft mahsulotlarini sotishga ruxsat berish – yakunlanishi kerak boʻlgan urushni uzaytirishga, unga investitsiya kiritishga tengdir. Rossiya bilan bir tomonlama emas, balki oʻzaro teng shartlardagi real deeskalatsiya kerak», – deya qoʻshimcha qildi u.














