«Dunyo» axborot agentligining Austria internet nashriga tayanib xabar berishicha, IMC Krems universiteti va Oʻzbekiston Kasbiy taʼlim agentligi oʻrtasida keng koʻlamli taʼlim hamkorligi toʻgʻrisida kelishuv imzolangan.
Yangi markazlarda turizm sohasi uchun malakali mutaxassislar va oʻqituvchilar tayyorlanadi. Taʼlim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish ham loyihaning asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilangan.
Markazlarda oʻquv mehmonxonalari tashkil etiladi. Talabalar ularda mehmonlarni kutib olish, mehmonxona xoʻjaligini yuritish va restoran xizmati boʻyicha amaliy koʻnikmalarni egallaydi.
Mahalliy oʻqituvchilarni Train-the-Trainer, yaʼni trenerlarni tayyorlash modeli asosida oʻqitish va sertifikatlash ham rejalashtirilgan. Bu orqali Avstriya tajribasini Oʻzbekiston kasbiy taʼlim tizimiga kengroq joriy etish koʻzda tutilmoqda.
IMC Krems universiteti Oʻzbekistonda avvaldan ham taʼlim loyihalarida ishtirok etib keladi. Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikdagi dasturlarda 200 nafardan ortiq talaba Avstriya universiteti standartlari asosida tahsil olmoqda.
Yangi markazlar turizm sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Xabarda markazlarning ochilish sanasi va qabul shartlari keltirilmagan.














