DW xabariga koʻra, Zelenskiy 11-oktabr kechqurun Telegram’da Xarkiv energetika infratuzilmasiga hujum qilinganini aytgan.

«Hozirgina Xarkiv shahridagi IEM-5ga, Xarkiv energetikasiga zarba berildi», - degan Ukraina prezidenti.

Oradan taxminan bir soat oʻtib, u Xarkiv viloyatidagi energetika obyektlariga hujum AQSH prezidenti energetikaga zarbalarni toʻxtatish haqida eʼlon qilganidan keyin sodir boʻlganini alohida taʼkidlagan.

Xarkiv viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Oleg Sinegubov esa 11-oktabr kechqurun shahar atrofiga berilgan raketa zarbasida uch kishi halok boʻlgani va yana 22 kishi yaralanganini xabar qilgan.

Uning maʼlumotiga koʻra, ikkita koʻp qavatli uy, bitta xususiy xonadon, oziq-ovqat doʻkoni binosi va beshta avtomobil shikastlangan. Biroq Sinegubov mazkur xabarida IEMga hujum haqida gapirmagan. Shu sababli qurbonlar va jarohatlanganlarning aynan elektr markaziga berilgan zarba bilan bogʻliqligi xabarda aniqlashtirilmagan.

Mahalliy «Xarkov Info» Telegram-kanali ham IEMga kechki hujum haqida yozib, yongʻin aks etgan videoni eʼlon qilgan. Kanal mualliflarining aytishicha, tasvirlarni mahalliy aholi 11-oktabr kuni olgan.

Shu kuni Donald Tramp Rossiya va Ukraina «energetik sulh»ga rozi boʻlganini bildirgan edi.

«Shu paytdan boshlab Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushda energetik sulh joriy etiladi. Har ikki tomon bunga rozilik berdi. Uni buzmang!» - deb yozgan AQSH prezidenti Truth Social’da.

Zelenskiy dastlab Axios jurnalistiga bunday qisman sulhga erishilganidan xabari yoʻqligini aytgan. Biroq Rossiya ham rozi boʻlsa, tashabbusni qoʻllab-quvvatlashini bildirgan.

Keyinroq Ukraina prezidenti Kiyev Amerika tomonidan tafsilotlarni kutayotganini maʼlum qilgan. U Ukraina Qurolli kuchlari barcha buyruqlarni olganini, endi AQShning Rossiya bilan muloqotiga oid aniq maʼlumotlar va Putinning Tramp aytgan shartlarni bajarishi kutilayotganini taʼkidlagan.