Naked Science naşri Stokholm xalqaro tinçlik muammolarini tadqiq qiliş instituti - SIPRI maʼlumotlariga tayanib, yirik qurol eksportçilarining asosiy hamkorlari haqida yozdi.
Maʼlumotlar qurol yetkazib berişda ikki xil yondaşuvni körsatadi. AQŞ kabi yirik eksportçilar köplab mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi. Boşqa ayrim davlatlarda esa birgina qabul qiluvçi mamlakat butun eksportning katta qismini taşkil etadi.
Bunday farqlar uzoq yillik harbiy hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik tahdidlari yoki davom etayotgan qurolli mojarolardagi ehtiyojlar bilan boğliq bölişi mumkin.
2021–2025-yillarda Saudiya Arabistoni asosiy turdagi qurol-yaroğlar importi böyiça dunyoda uçinçi örinni egallagan. Mamlakat qurol importining 77 foizi AQŞ hissasiga töğri kelgan.
Ikki davlatning harbiy hamkorligi bir neça ön yillik tarixga ega. Amerika samolyotlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va boşqa zamonaviy qurollar Saudiya Arabistonining harbiy salohiyatini mustahkamlaş, mintaqaviy tahdidlarni tiyib turiş hamda muhim infratuzilmani himoya qilişda ahamiyat kasb etadi.
Biroq xalqaro qurol yetkazib berişning barçasi ham oldi-sotdi emas. Qurollar, ayniqsa, faol jangovar harakatlar davrida harbiy yordam sifatida ham beriladi.
Masalan, 2021–2025-yillarda Ukraina AQŞ, Germaniya, Polşa va boşqa mamlakatlardan asosiy turdagi qurol-yaroğlarni qabul qilib, dunyodagi eng yirik oluvçiga aylangan.
Yetkazib berilayotgan qurollar turli maqsadlarga xizmat qiladi. Ayrimlari janglarda yöqotilgan texnika va sarflangan zaxiralar örnini töldirsa, boşqalari armiyani modernizatsiya qiliş, ehtimoliy hujumlarni tiyib turiş yoki kelajakdagi tahdidlar uçun zaxira yaratişga möljallangan.
SIPRI reytingi qurollarning puldagi qiymatini emas, yetkazib berilgan asosiy turdagi qurol-yaroğlar hajmini baholaydi. Şuningdek, uşbu körsatkiçlar qurollarning keyinçalik jangovar harakatlarda işlatilgan yoki işlatilmaganini aks ettirmaydi.












