Bosh prokurorning buyrugʻiga asosan adliya katta maslahatchisi Nilufar Anvarovna Allabergenova Toshkent shahar prokurori oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Nilufar Allabergenova 1971-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1995-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

Turli yillarda poytaxtning Yashnabod, Chilonzor va Mirzo Ulugʻbek tumanlari prokurori oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.

Nilufar Allabergenova 2023-yil 9-oktabrida Yakkasaroy tumaniga hokim etib tayinlangandi. U oʻshanda Toshkent shahridagi ilk ayol hokim boʻlgandi.

Kun davomida Toshkent shahrining yana uch tumanida hokimlar oʻzgargandi.

Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxoʻjayev oʻrnini shu vaqtgacha Yangihayot tumanini boshqarib kelgan Hayot Inogʻomov egalladi. Oʻz navbatida, Yangihayot tumaniga Lazizbek Temirov yangi hokim boʻldi. Shuningdek, Baxtiyor Rahmonqulov Yashnobod tumani hokimi lavozimidan ketgan, uning oʻrniga Abdulaziz Abdulhakov yangi hokim etib tayinlangan.