Raqobat qoʻmitasi taksi agregatorlarining isteʼmolchilar va haydovchilarga koʻrsatayotgan xizmatlari hamda narxlari yuzasidan oʻrganish boshladi. Bu haqda qoʻmita axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, soʻnggi kunlarda yirik taksi agregatori faoliyatida kuzatilayotgan texnik nosozliklar ortidan raqobatchi agregatorlarda ham tigʻiz vaqtlarda taksi narxlari bir necha barobargacha oshgan. Bu jamoatchilik eʼtirozlariga sabab boʻlgan.
Qoʻmita oʻrganish davomida narxlar oshishining asosli ekaniga hamda raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilayotganiga alohida eʼtibor qaratilishini bildirgan.
Shu munosabat bilan taksi agregatorlaridan narxlarni shakllantiruvchi algoritm sozlamalarini qayta koʻrib chiqish, narxlarning keskin va sunʼiy oshishining oldini olish soʻralgan.
Bundan tashqari, agregatorlar haydovchilarning mablagʻlarini oʻz hisoblariga oʻtkazishdagi nosozliklarni bartaraf etishi, asossiz bloklangan haydovchilarni blokdan chiqarish choralarini koʻrishi hamda bajarilgan buyurtmalar uchun nazarda tutilgan barcha bonuslarni qayta hisoblab, toʻlab berishi lozimligi qayd etilgan.
Qoʻmita raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatga yoʻl qoʻymaslik, haydovchilar va isteʼmolchilar uchun sutka davomida ishlaydigan texnik yordam markazlarining uzluksiz faoliyatini taʼminlash zarurligini ham bildirgan.
Idora maʼlumotiga koʻra, oʻrganish natijasida raqobat qonunchiligi buzilgani yoki isteʼmolchilar huquqlari poymol etilgani aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv oʻtkazilib, tegishli choralar koʻriladi.
Eslatib oʻtamiz, 11-oktabr kuni Rossiyaning Vladimir shahridagi Yandex data-markazi dronlar hujumidan keyin faoliyatini toʻxtatgani haqida xabar berilgandi. Oʻsha kuni Oʻzbekistonda ham Yandex Go xizmatida bir necha soatlik uzilishlar kuzatilgan.
Spot’ning yozishicha, Yandex Go’dagi uzilishlar ortidan 11–13-oktabr kunlari boshqa taksi agregatorlariga talab keskin oshgan. Uklon’ning Oʻzbekistondagi bosh direktori Eduard Kovtun buyurtmalar odatdagidan 2–3 baravar koʻpayganini bildirgan. MyTaxi boshqaruvchi hamkori Aleksey Shitov esa buyurtmalar soni oʻrtacha 15 baravar, liniyadagi haydovchilar soni 3 baravar oshganini maʼlum qilgan.















