Tavsiyalar NASA buyurtmasi asosida AQŞning Fanlar, muhandislik va tibbiyot milliy akademiyalari tayyorlagan hisobotda keltirilgan. Mutaxassislar Oy qutblaridan taşqarida joylaşgan tört manzilni saralab, ularda qisqa muddatli ekspeditsiyalar davomida qanday tadqiqotlar ötkaziş mumkinligini baholagan. Har bir ekspeditsiyada ikki astronavtning iştirok etişi va Oy sirtida işlaş uçun bir martadan tört martagaça çiqişi közda tutilgan.
Oy Yerdan örtaça 384 ming kilometr uzoqlikda joylaşgan. Uning yuzasini zarba kraterlari, toğlar va qadimgi vulqon tekisliklari qoplagan. Oyda Yerdagidek plitalar tektonikasi yöq, atmosfera deyarli mavjud emas, keng kölamli geologik faollik esa ança oldin susaygan.
Şu sababli Oy sirti milliardlab yil avval sodir bölgan voqealarning izlarini saqlab qolgan. U yerdan olingan toğ jinslari Oy, Yer va butun Quyoş tizimining şakllaniş tarixini tiklaşga yordam beradi.

Insonlar Oyga sönggi marta 1972-yil dekabrda, «Apollon-17» ekspeditsiyasi doirasida qöngan. NASA endi «Artemida» dasturi orqali astronavtlarni qaytarişni rejalaştirmoqda. Asosiy eʼtibor Janubiy qutbga qaratilgan: bu yerdagi doimiy soyada qoladigan kraterlarda suv muzi zaxiralari bölişi mumkin. Kelajakda undan içimlik suvi, kislorod va raketa yoqilğisi olişda foydalaniş közda tutilmoqda.
Hisobot mualliflarining fikriça, Oyning boşqa hududlarini örganiş ham muhim. Ularda qutblarda uçramaydigan geologik tuzilmalar, astronomik kuzatuvlar uçun qulay şaroitlar va kelajakdagi Mars missiyalariga kerak böladigan texnologiyalarni sinaş imkoniyatlari bor.
Birinçi örinni Bxabxa krateri egalladi. U Oyning Yerdan körinmaydigan tomonida, ulkan Janubiy qutb - Eytken zarba havzasi içida joylaşgan. Bu havza Oyga yirik osmon jismi kelib urilganida hosil bölgan.
Krater atrofidagi toğ jinslarini örganiş qadimgi töqnaşuvlar qaçon sodir bölganini va Oy qobiği qanday şakllanganini aniqlaştirişga yordam beradi. Ayniqsa, zarba taʼsirida çuqur qatlamlardan yuzaga çiqqan jinslar qimmatli. Ularni batafsil tahlil qiliş uçun namunalarni Yerga olib keliş kerak böladi.














