Amerikada Vakillar palatasining barcha 435 oʻrni va Senatdagi 35 oʻrin uchun ovoz beriladi. Agar muxolifatdagi Demokratlar partiyasi Kongressning kamida bir palatasida koʻpchilikni qoʻlga kiritsa, Trampning koʻplab tashabbuslarini amalga oshirish qiyinlashadi. Shu sababli siyosatchilar ham, saylovchilar ham bu saylovni Tramp prezidentligiga beriladigan muhim baho sifatida koʻrmoqda.

Saylovoldi kampaniya faol kechmoqda, lekin amerikaliklarni qiziqtira olmayapti. Televideniye, internet va ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy reklama juda koʻpaygan. Aholi esa bundan charchaganini aytmoqda. Chunki bugun Amerikada hayot nihoyatda qimmatlashgan, odamlar esa siyosatchilarning quruq vaʼdalaridan toʻygan.

Masalan, Reuters suhbatlashgan saylovchilarning aksariyati siyosiy reklamalardagi hujumkor ohang, qimmatlashib borayotgan hayot va siyosiy bahslardan toliqqanini bildirgan.

Hozirgi paytda saylovchilarning asosiy eʼtibori iqtisodiyot, narx-navoning oshishi, immigratsiya va sogʻliqni saqlash masalalariga qaratilgan.

Soʻrovlar shuni koʻrsatyaptiki, bugunga kelib koʻplab amerikaliklar na Respublikachilar, na Demokratlar mamlakat muammolarini toʻliq hal qila olishiga ishonishmaydi. Yaʼni Amerika aholisi bugungi siyosatdan ham, siyosatchilardan ham toʻygan.

Donald Tramp esa saylov kampaniyasining markazida qolmoqda. Uning nomi saylov byulletenida boʻlmasa-da, koʻplab saylovchilar ovoz berishni Tramp siyosatini qoʻllab-quvvatlash yoki unga qarshi chiqish sifatida qabul qilmoqda.

Soʻnggi oylar davomida Tramp maʼmuriyati ovoz berish qoidalariga oʻzgartirish kiritish tashabbuslarini ilgari surdi. Xususan, pochta orqali ovoz berish tartibi va saylovchilarni roʻyxatdan oʻtkazish masalalari boʻyicha yangi talablar taklif qilindi. Bu tashabbuslar tarafdorlari tomonidan saylov xavfsizligini kuchaytirish deb baholanayotgan boʻlsa, tanqidchilar bunday choralar ayrim fuqarolarning ovoz berishini qiyinlashtirishi mumkinligini aytmoqda.

Tramp saylov natijalarini hisoblash jarayoni haqida ham tez-tez fikr bildirmoqda. U ayrim shtatlarda ovozlarni sanash bir necha kun davom etishini tanqid qilib, natijalar imkon qadar tez eʼlon qilinishi kerakligini taʼkidlab keladi. Shu bilan birga, saylov maʼmurlari millionlab byulletenlarni tekshirish va qonuniy tartibda hisoblash maʼlum vaqt talab qilishini eslatmoqda.