Toshkent metrosida tushirib qoldirilgan 10 ming dollar pulni yoʻlovchi topib olgan. “Toshkent metropoliteni” axborot xizmati holat videosini eʼlon qildi.
Lavhada koʻrinishicha, yoʻlovchilar qatorida kelayotgan erkakning yon sumkasidan pul tushib qolgan. Erkak buni sezmagan holda yoʻlini davom etgan. Pul maʼlum muddat yerda yotgan va unga hech kim eʼtibor qaratmagan.
Birozdan soʻng yoʻlovchi ayol kelib pulni olgan hamda bekatda xizmat faoliyatini olib borayotgan Metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlariga topshirgan.
“Toshkent metropoliteni” AJ halollik, vijdonlilik va yuksak fuqarolik masʼuliyatini namoyon etgan fuqaroga, shuningdek, mazkur jarayonda faol ishtirok etib, oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajargan MXTB xodimlariga samimiy minnatdorlik bildiradi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Ichki ishlar vazirligi mazkur holat boʻyicha lavha eʼlon qilgandi. Unda pulni yoʻlovchi emas, ichki ishlar xodimi topib olgani aytilgan.
Vazirlik lavhasida keltirilishicha, mashina sotib olish uchun Sergeli tumaniga borgan Qozogʻiston fuqarosi 10 ming dollar pulini yoʻqotib qoʻygan. Uni Toshkent metropolitenida xizmat qilayotgan ichki ishlar xodimlari topib olgan.
Oʻtkazilgan zarur tekshiruv va aniqlash ishlaridan soʻng pul mablagʻlarining qonuniy egasi aniqlanib, 10 ming AQSH dollari belgilangan tartibda oʻz egasiga toʻliq qaytarib berilgan.
“Olmazor metro bekatidan Sergeliga keldim, shu payt sumkamdan 10 ming dollarim tushib qolibdi. Shoshib yugurib ketgandim. Metro xodimlariga rahmat, ichki ishlar xodimlari pulni topib, meni Face-ID'dan qidirishibdi. Men u pulni yoʻqotganimni mashina bozorda bildim. Halol ekan, qaytib keldi. Ichki ishlarga mingdan ming rahmat”, – degan oʻzbek tilida gapirgan qozogʻistonlik.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxroh Gʻiyosovning Kun.uz’ga maʼlum qilishicha, lavhadagi “topib oldi” jumlasi majoziy.
“Bu yerda “topib oldi” jumlasi majoziy maʼnoda keltirilgan. Transport obyektlarida topilmalar xonasiga kelib tushgan har qanday buyum egasiga qaytariladi”, deydi u.















