Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining rasmiy axborotida qayd etilishicha, Irkutsk viloyatidagi holat haqida ijtimoiy tarmoqlar va ayrim axborot manbalarida maʼlumotlar tarqalmoqda.
Vaziyat Rossiyaning vakolatli idoralari hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining rasmiy manbalari orqali muntazam kuzatib borilmoqda.
Xususan, kasallik tashxisi laboratoriyada tasdiqlangan yoki tasdiqlanmagani, ehtimoliy yuqish manbai va yoʻllari oʻrganilmoqda. Shuningdek, bemorning harakatlanish yoʻnalishi hamda u bilan muloqotda boʻlgan shaxslarga oid maʼlumotlarga aniqlik kiritilmoqda.
Eʼlon qilingan axborotda kasallik nomi ochiqlanmagan va tashxis laboratoriyada tasdiqlangani haqida xulosa berilmagan.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston hududiga oʻta xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilgani bildirilgan.
Fuqarolar tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslik va maʼlumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali kuzatib borishga chaqirilgan.
Epidemiologik vaziyat oʻzgarsa, jamoatchilikka belgilangan tartibda qoʻshimcha axborot taqdim etiladi.








