Bugun dunyoda bir qutblilik zaiflashib bormoqda. Lekin hali koʻp qutblilik shakllanib ulgurmadi. Shu fonda, keyingi davrlarda urushlar normaga aylanib bormoqda. Urushlar endi normal davlatlar oʻrtasidagi tabu hodisa emas. Tahlillarga koʻra, keyingi ikki-uch oʻn yilliklar ichida dunyo siyosiy sahnasida urushlar koʻp boʻladi. Va mana shu urushlar orqali yangi tartibot yoki yangi global vaziyat shakllanib boradi.

Xoʻsh, bugun urushlarning shakli-shamoyili oʻzgarmoqdami, oʻzgarayotgan boʻlsa, qay tomon oʻzgarmoqda? Chunki aynan hozirgi kundagi urushlar natijasida global geosiyosiy landshaft shakllanadi, mintaqaviy va global kuchlar nisbati oʻrnatiladi.

Ha, keyingi yillarda, barchamizning koʻz oʻngimizda urushlar tafakkuri, texnikasi jiddiy oʻzgarmoqda.

Birinchidan, yaqin yillargacha humkron boʻlgan “super qurollar” davri oʻtib bormoqda. Yaʼni, misol uchun, uzoqqa uchuvchi, katta zarba beruvchi, lekin nihoyatda qimmat turuvchi raketalar (Patriot, THAAD va h.k.) hamda aksilraketa tizimlari bugun urush taqdirini belgilab bermaydigan boʻlib qoldi. Aksincha, koʻp sonli, juda arzon, istagancha ishlatish mumkin boʻlgan va katta qiyinchiliksiz oʻrni toʻldiriladigan qurol-aslaha tizimlari urush tashabbusini qoʻlga olib boʻldi.

Misol, AQShning Eronga urushidan koʻrdikki, AQSH kabi boy va qudratli davlatlar ham, qudratli raketalarni tezda ishlatib qoʻydi, ularning oʻrnini toʻldirish esa qimmat va koʻp vaqt talab qiladi. Aksincha, Eronning arzon dronlari, nisbatan arzonroq raketalari yetarlicha javob berish imkoniyatini yaratdi. Xuddi shunday, Ukraina ham Rossiyaning ogʻir qurolli armiyasiga yengil va koʻp sonli dronlar orqali javob berib, harbiy tashabbusni raqibga berib qoʻymayapti.

Albatta, davlatlar qimmat boʻlsa-da, anʼanaviy raketa tizimlaridan voz kechmayapti. Ularni kuchli himoyalangan nishonlar uchun ishlatmoqchi. Lekin, asosiy zarba berish vazifasini arzon, nisbatan primitiv va oʻrni tez toʻldiriladigan uchuvchisiz uchish apparatlariga yuklamoqda.

Ikkinchidan, davlatlar har doimgidek holsizlantiruvchi, surunkali urushlar girdobiga tushib qolishni istamani uchun, eskalatsiya taktikasiga koʻproq murojaat qilishga harakat qilmoqda. Eskalatsiya – bu urushni kuchaytirish, bosimni oshirish va shu yoʻl bilan narigi tarafni tezroq taslim qilish demakdir. Shuning uchun ham urushayotgan tomonlar urushni konflikt chizigʻi boʻylab saqlab qolmasdan, balki zarbalarni dushman tarafning ichkarisiga olib kirishga harakat qilmoqda.

Rossiya Ukrainaning ichki hududlariga, shaharlariga hujumlar qildi. Ukraina ham keyingi bir yil ichida urushni RF ichkarisiga olib kirdi, neft zavodlariga, katta savdo tarmoqlariga zarbalar berdi. Bu bilan raqibning ruhiyatiga, aholi orqali ijtimoiy asoslariga zarba berishga harakat qilmoqda. Urushlar pozitsion, yaʼni oʻzgarishi qiyin boʻlgan urush liniyalari atrofida kechar ekan, urush tashabbusini oʻzgartirish uchun dushman davlatning ichiga olib kirish va shu yoʻl bilan bosim qilish – mantiqan kutiladigan holat. Shuning uchun ham, dunyo davlatlari uzoq masofaga zarba beradigan, yoʻlda urib tushirilmaydigan harbiy texnikalarga alohida sarmoyalar kiritmoqda.