Piyodalarga o‘rin yo‘q konsepsiya haqida
Toshkent shahar transporti va yo‘l-transport infratuzilmasini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi e’lon qilindi. Konsepsiya tanqidlarga sabab bo‘ldi. Xususan, Davletov.uz kanali unda piyodalarga o‘rin yo‘qligiga e’tibor qaratdi.
«Konsepsiya shunaqa yozilganki, Toshkent yo‘l-transport tuzilmasida piyodaga go‘yoki o‘rin yo‘q. Hujjat loyihasida piyoda haqida qariyb (2-3ta mavhum tadbirni aytmasa) so‘z bormagan. Bu hujjatni yozganlar piyoda yurishmasa kerak. Jamoat transporti bo‘yicha taklif qilinayotgan chora-tadbirlar ham bir martalik choralarga o‘xshaydi, bu choralar hozirgi bardakni yana davom ettirsa ettiradiki, tubdan o‘zgartirmaydi», dedi kanal muallifi.
Bloger Otabek Bakirov esa «jamoat transportini rivojlantirishda qimmat usullardan foydalanilayotgani»ga urg‘u berdi.
«Keyingi yillarda poytaxtda jamoat transporti bilan bog‘liq ahvol faqat og‘irlashib borayayotgani, jamoat transporti harakatini yo‘lga qo‘yishda nisbiy afzalligi yuqori bo‘lmagan va eng qimmat usullardan foydalanilayotgani ko‘p tanqid qilindi. Xususan, ekspertlar va faollar Toshkentda tramvay harakatini tiklash to‘g‘risida ko‘plab mulohazalarni bayon etdilar.
Lekin taklif etilayotgan loyihada bu inobatga olinmagan.
Ayni paytda taksi xizmati ko‘rsatiladigan harakat tarkibi to‘liq elektromobillarga o‘tkazishni ko‘zda tutishmoqda (kimdir elektromobillar bahonasida taksi xizmatini o‘zi egallamoqchiga o‘xshaydi).
Qariyb 27 mlrd so‘mga bekatlarning dizaynini yangilashmoqchi (Axir Toshkent chinovniklari uchun bundan muhimroq ish bormi?) 180 mlrd so‘mga «Aqlli bekat» (SmartBUS STOP) tizimini tashkil etishmoqchi.
Konsepsiya ijrosi bo‘yicha komissiyaga janob Ramatov rahbarlik qiladi.
Loyiha bilan tanishing, fikr bildiring. Siz uchun boshqasi kelib bu ishni qilib bermaydi», deb yozdi u.
«Mayda korrupsiyaga yangi fortochkalar» ruknidan
Yakunlangan haftada Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning «bir kilo vazn tashlagan odamga 500 ming so‘mdan berish» haqidagi gaplari muhokamalarga sabab bo‘ldi.















