Toshkent o‘z metrosiga ega oz sonli shaharlardan biridir. 1977 yilda ishga tushgan bu tizim o‘ziga xos yangilik, shahar taraqqiyotida muhim qadam bo‘lgan. Ammo Toshkent metropoliteni uzoq vaqt turg‘unlik davrini boshdan kechirdi, rivojlanmadi, yo‘lovchilar soni muntazam kamayib borgan yillar bo‘ldi.

Toshkent metrosini o‘zgartirish borasida yangi rejalar e'lon qilinib, uning Yunusobod, Qo‘yliq, Sergeli massivlarigacha to‘laqonli yetib borishi haqida gapirilganida, ko‘pchilik ishonmagani bor gap. Ammo qat'iy iroda, tunu-kun mehnat, zarur mablag‘ va poytaxt hayotiga daxldorlik hissi o‘z samarasini berdi. Kechagina Yunusobod va Qo‘yliqni zabt etgan metro poyezdlari bugun Sergeliga ham ravon borib kelayapti.

Umuman, metro haqida gap ketganda aksariyatimiz qulay, arzon, ekologik toza transportni tushunamiz va uning avtomobil yo‘llaridagi tirbandliklarni kamaytirishini e'tirof etamiz. Poytaxtliklar va mehmonlar juda yaxshi biladilarki, aynan tirbandlik masalasi Sergelida so‘nggi yillarda nihoyatda keskinlashdi. Shahar bilan bog‘lovchi 4-5 kilometrli yo‘lga bir soatlab vaqt sarflash (ya'ni amalda piyoda tezligida yurish) odatiy holga aylandiki, bu haydovchilarning asabiy fikrlariga, asosli e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

26 dekabr kuni rasman ishga tushgan va dastlabki poyezdda faollar, mutasaddilar va OAV vakillari hamrohligida shaxsan prezidentning o‘zi tashrif buyurgan Sergeli yo‘nalishi hudud rivojida alohida ahamiyatga ega.